Surxondaryo viloyati Oltinsoy tumanida avtomobil yo‘lini kengaytirish va ko‘prikni rekonstruksiya qilish maqsadida 61 tup manzarali daraxt noqonuniy ravishda kesib tashlandi. Bu haqda viloyat Ekologiya boshqarmasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, tumanning “Mirshodi” mahallasi hududidan o‘tuvchi, Oltinsoyni Denov tumani bilan bog‘lovchi avtomobil yo‘lini kengaytirish, ushbu yo‘ldagi “Qora ariq” ko‘prigini rekonstruksiya qilish maqsadida yo‘l yoqalarida mavjud bo‘lgan ko‘p yillik daraxtlarni kesish uchun tuman hokimligi mas’ul xodimi tuman ekologiya bo‘limidan og‘zaki tarzda ruxsat so‘ragan.

Ammo ekologiya xodimlari daraxtlarni xatlovdan o‘tkazib, ularni kesmaslik bo‘yicha tushuntirish bergan.

“Shunga qaramay, noma’lum shaxslar tomonidan kechqurun o‘suvchanligini yo‘qotmagan 61 tup qimmatbaho navli daraxt (2 tup chinor, 54 tup virgin archasi), 6 tup kam qimmatli daraxt (2 tup terak, 4 tup tol) tag qismi bilan kesib tashlangan”, — deyiladi xabarda.

сурхондарё viloyati, noqonuniy daraxt kesish

Viloyat Ekologiya boshqarmasi tezkor guruhi holat yuzasidan bayonnoma tuzgan. Hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu noqonuniy harakat oqibatida o‘simlik dunyosiga 293 million 700 ming so‘m zarar yetkazilgan.

Holat bo‘yicha viloyat prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Avvalroq O‘zbekiston prezidenti daraxtlarni noqonuniy kesganlik uchun jazoni kuchaytirish bo‘yicha parlament tomonidan qabul qilingan qonunni rad etgandi. Hujjat jarimalar miqdori kam bo‘lgani tufayli rad etilgan bo‘lishi mumkin.

Yilning birinchi yarmida 2 mingdan ortiq daraxt va butani noqonuniy kesish holatlari aniqlangan bo‘lib, tabiatga yetkazilgan zarar 3,6 mlrd so‘mni tashkil etgan.