Bir yilda nechta kitob o‘qiysiz? Kuningizning qancha qismini mutolaaga sarflaysiz? Xohlaganingizdan ko‘ra kam, to‘g‘rimi? Ish-tashvishning tugamasligi yoki shunchaki hafsala, xohish yo‘qligi bahona bunga. “Gazeta.uz” kitobxonlikni targ‘ib etish, o‘quvchini ko‘p va xo‘b o‘qishga undash niyatida “Nima o‘qiymiz?” savoli bilan olim, tadqiqotchi, jamoat faoli, yozuvchi-shoir, tarjimon va boshqalarga yuzlanadi, ularning yil davomida o‘qigan yo o‘qilishi shart deb sanagan kitoblari tavsiyasini sizga yetkazadi. Maqsad juda oddiy — kitobxon bo‘laylik!

“Nima o‘qiymiz?” loyihasining navbatdagi mehmoni — “Zakovat” klubi magistri Saidkamol Abdurazzoqov.

Mutolaa haqida

Mutolaa kerakligi fakt, buni hatto muhokama qilish ham shart emas. O‘znetda inflyuyenserlar biror bir kitobni maqtaganini har kuni ko‘rasiz (maqtovlar chin ko‘ngildanmi yoki urf bo‘lgani uchunmi, bunisi boshqa masala). O‘zbekistonda hozir “kitob” deganda aynan qog‘oz shakldagi kitob qadrini yuqoriroq qo‘yish va uni boshqa har qanday, xususan, elektron shakldagi kitobdan afzalroq bilishga harakat qilinayotgandek. Balki adashayotgandirman. Men uchun asosiysi, u qanday shaklda bo‘lishdan qat’iy nazar — kitobning mazmuni.

To‘g‘ri, bosma kitobni o‘qish qulayroq bo‘lishi, bosma kitob qandaydir xotiralar va tuyg‘ular berishi mumkindir. Yaqinda xorijda do‘konlarga to‘la ko‘chadan o‘tib borarkanman, kitob do‘konining yonidan o‘tayotganimda u yerdan chiqayotgan kitob hidi etimni junjitib yubordi. Lekin bularning barini asossiz bahona, deb hisoblayman: kitobning qog‘ozli shaklini o‘qishingizga yaxshi ko‘rinishi va o‘qilishi sabab bo‘lsa, bu bor-yo‘g‘i siz uchun bir qulaylik. Boshqalarga boshqa vositalarning qulayligi afzal bo‘lishi mumkin.

Milliardlab pul sarflab qurilgan hayhotday kutubxonadagi minglab kitoblarning aksariyati cho‘ntagingizdagi kichik bir gadjetga sig‘sa, qanday ajoyib! Boz ustiga, elektron kitobda uning biror kerakli joyini topishga soniyalar ketadi. Bu qulayliklarni, ayniqsa, katta hajmdagi ma’lumotlar tezkor kerak bo‘lsa, afsuski, qog‘oz kitobda topish qiyin.

Shaxsan o‘zim bosma kitob o‘qishni afzal ko‘raman. Elektron kitoblarni samolyotdagina o‘qiyman, chunki qog‘oz kitob ko‘p joy olishi mumkin. Men uchun qog‘oz va elektron kitob bir xil, bularning bir-biridan farqi — o‘quvchiga beradigan qulayliklarida.

Audiokitobga kelsak, bu endi tamomila boshqa format. Qog‘oz va elektron kitoblarda baribir mutolaa jarayoni bor — kitobni o‘zingizga mos holatda, sur’atda va kayfiyatda o‘qiysiz. Ya’ni, kitobni bir avtomobil deya tasavvur qilsak, uni o‘zingizga mos darajada haydaysiz. Audiokitobda esa siz yo‘lovchisiz, mutolaada yo‘lovchi bo‘lish esa, menimcha, noqulay.

Maqsad faqat kitob o‘qish (ma’lumot olish)ning o‘zigina bo‘lmay, bo‘sh vaqtni ham o‘tkazish bo‘lsa, ehtimol, transportda, sport zalida va hokazo joylarda audiokitob qulay bo‘lishi mumkin, ammo bunda kitob mazmunini hazm qilish qiyin bo‘ladi, deb o‘ylayman. Men uchun kitobni o‘qishning o‘zi kifoya emas, u haqida mutolaa jarayonidayoq fikrlayman, audiokitob esa menga bu imkoniyatni bermaydi.

O‘qishni nisbatan erta, 3 yoshimda o‘rganganman. Uy to‘la kitob — juda ko‘p o‘qirdim. Bir kitobni o‘qib tugatmagunimcha, boshqasiga o‘tmayman. Bir vaqtning o‘zida bir necha kitob o‘qishga harakat qilib ko‘rgandim, moslasha olmadim.

Badiiy asarlarni hozir ham sevaman, o‘qimoqchi bo‘lganlarim ham juda ko‘p. Lekin vaqt kam. Nafaqat ish va oilaga vaqt ajratish, balki kasbiy mahoratni oshirish uchun kasbga, shaxsga doir asarlarni ham ko‘proq mutolaa qilish kerak. Hozirgi zamon o‘quvchisida badiiy asarlarni o‘qishga vaqt kamroq qolayotgandek. Har holda, menda shunday. Chunki, kasbiy va shaxsiy rivojlanishga ustuvorlik berganman. Ammo badiiy adabiyot bolaligimdagi muhabbat bo‘lib qalbimda turibdi.

Badiiy adabiyotni o‘qish nimaga kerak? Sabablari ko‘p-ku, men o‘zim uchun muhim hisoblaganlarimni qisqa keltirib o‘taman. Bolalikda kitob o‘qish fantaziyani, tasavvurni rivojlantiradi. Bola ko‘rmagan narsalariyu insonlarni, bormagan joylarini tasavvur qiladi. Personajlar o‘rniga o‘zini va boshqalarni qo‘yib ko‘radi. Zamon, fan va texnika rivojlanishi, ixtirolar ro‘y berishi uchun tasavvur va fantaziya zarur. Bola shu orqali tizimli fikrlashni boshlaydi.

Badiiy kitoblarning aksariyati yaxshilikka, adolatga, go‘zallikka, boringki, ezgu narsalarga targ‘ib qiladi. Inson ulg‘aygani sari pragmatik bo‘lib boradi. Hayotning achchiq tajribasini totib ko‘radi, yolg‘onlarni ko‘radi, diydasi qotib boradi va hokazo. Hattoki o‘spirinlarning qalbiga ezgu fikrlar urug‘ini ekishga kech bo‘lishi mumkin. Bolalik esa beg‘ubor. Bolalikning dunyosi bu unumdor va yumshoq yer. Bolalikda badiiy asarlarni ko‘p o‘qigan insonning qalbidan ezgulik joy olib bo‘ladi. Keyinchalik, hayoti qanday bo‘lishidan qat’iy nazar, uning qalbi yaxshilik bilan sug‘orilgan bo‘ladi. Shuning uchun, bolalarning badiiy asarlar o‘qishi jamiyat uchun juda muhim. Qaysidir avlod bolalari badiiy asarlarni o‘qimay qo‘yishi fojiaga olib kelishi mumkin.

So‘nggi vaqtlarda o‘qilgan kitoblardan tavsiyalar

Hans Rosling. “Factfulness”. Asaxiy Books nashriyoti. 2022-yil. 340 sahifa

kitob, kitoblar, kitobxonлик, mutolaa, nima o‘qiymiz, саидkamол абдuраззoqов, tavsiya

Oxirgi o‘qiganlarimdan Hans Roslingni “Factfulness” kitobi yoqdi. Statistika, zarurat tug‘ilganida, yolg‘on uchun qo‘llaniladigan eng zo‘r qurol, degan fikrga qo‘shilaman. Bu kitob raqamlar to‘g‘ri tahlil qilinsa, yaxshilikka ham, yomonlikka ham ishlatilishi mumkinligiga ishonmaganlarga foyda bersa kerak.

Aynan shu mavzuning davomi sifatida Nasim Талебning Fooled by Randomness asarini ham o‘qishni boshlagandim, ammo kitob bosmasining sifati yoqmay tashlab qo‘ydim (inson qancha ko‘p komfortga o‘rgansa, undan voz kechish shunchalik qiyin bo‘larkan).

Bu kitoblardan olinadigan xulosalaridan biri — hamma narsa ham aslida siz ko‘rib turganingizdek emas. Birlamchi va birinchi fikr ko‘p hollarda noto‘g‘ri bo‘lishi mumkin, degan fikrni quvvatlaydigan kitoblar. Shunday ekan, nima qilmoq kerak? Aql yuritish lozim, ko‘proq tanqidiy fikrlash kerak! Sotib olish.

Piter Hopkirk. “Katta o‘yin. Ikki imperiya to‘qnashuvi”. Asaxiy Books nashriyoti. 2022-yil. 744 sahifa

kitob, kitoblar, kitobxonлик, mutolaa, nima o‘qiymiz, саидkamол абдuраззoqов, tavsiya

So‘nggi vaqtlarda o‘qigan tarixiy asarlarim orasida “Katta o‘yin”, shubhasiz, juda yoqdi. Buyuk Britaniya va Rossiya imperiyalarining manfaatlari to‘qnashuvini ifodalovchi bu termin bilan atalgan kitobni o‘zbek tilida o‘qish nasib qiladi, deb o‘ylamagandim. Bu kitob O‘zbekistonning bevosita tarixi hamdir. Kitobning tili, voqealar bayoni esa badiiy asarlar ixlosmandlariga ham ma’qul tushsa kerak.

Bu asar mutolaasi katta avlod vakillari, ayniqsa, bolalikdan dunyo oq va qora ranglardan iborat degan tasavvurda katta qilingan, “biz oqmiz, boshqalar qora”, degan fikr singdirilgan avlodga ham qiziq bo‘ladi. Bir necha asr avval ham, hozir ham kichik bir qadam, kichik bir voqea ortida katta geosiyosiy o‘yinlar turganini qiziqarli tarzda tushuntirib, yoritib bergan kitob, degan bo‘lardim. Sotib olish.

Hamma, avvalo yoshlar o‘qishi kerak bo‘lgan kitoblar

“Har bir ziyoli o‘qishi shart”, “Har bir o‘zbek o‘qishi shart” kabi shartli ro‘yxatlarga hozirgi tushuncham bo‘yicha qarshiman. Buni o‘nlab yillar davomida chizilgan chiziqdan harakatlanishga, shablonlar ichida va yordamida yashashga majburlangan xalqlarning belgilaridan biri, deb hisoblayman.

Masalan, omma orasida ziyolilar Lev Tolstoyning “Urush va tinchlik” asarini o‘qib chiqqan bo‘lishi shart, degan bir tasavvur bor. Tolstoy asarlarining hajmi juda katta ekani ma’lum. Lekin nima uchun uni barcha ziyolilar o‘qishga majbur bo‘lishi kerak?

“Chto? Gde? Kogda?” intellektual o‘yinining bir sonida taniqli rus bilimdonlarining ko‘pchiligi ham bu asarni boshidan oxirigacha o‘qib chiqmagani ma’lum bo‘ldi. Har qanday insonning o‘ziga yoqmayotgan badiiy kitobni o‘qishni to‘xtatishga yoki o‘qimaslikka ma’naviy haqi bo‘lishi kerak.

Bundan tashqari, u yoki bu kitobning o‘z mutolaa vaqti bo‘lishi mumkin. Masalan, qaysidir kitobni qaysidir yoshda o‘qimagan ma’qul, yoshlikda tushunarsizdek ko‘ringan ma’lum bir kitob yosh o‘tgach, boshqacha, hatto kuchliroq ta’sir qilishi ham mumkin. Chingiz AytmatovningQiyomatini yoshroq vaqtim o‘qiganimda oddiy qabul qilganman. Farzandli bo‘lgach bu asarni qayta o‘qib chiqib, uzoq vaqt kitob ta’sirida yurganman. Kitobning muhim qismi — ota-onaning farzandga munosabati masalasi ta’sirli ko‘rsatib berilgan.

Chingiz Aytmatov. “Qiyomat”. Sotib olish.Chingiz Aytmatov. “Qiyomat”. Sotib olish.

Men boshqalarga tavsiya qiladigan kitoblar — mening sevimli kitoblarimdir. Masalan, O‘tkir Hoshimov yozgan barcha asarlarni yaxshi ko‘raman. Dunyoning ishlari qissasini boshqalaridan ustun qo‘yaman. Qayta-qayta o‘qiganman, bu asar asosida ishlangan videofilmni ham qayta-qayta ko‘rganman. Balki bu asarda o‘zbeklar uchun muqaddas hisoblangan ona siymosi aynan nima uchun muqaddasligini tushuntirishga harakat qilingani uchun shundaydir.

O‘tkir Hoshimov. “Dunyoning ishlari”. Sotib olish.O‘tkir Hoshimov. “Dunyoning ishlari”. Sotib olish.

O‘zbeklar uchun Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romani eng TOP-asar, degan qarash bor. “O‘tkan kunlar” nima uchun ko‘pchilik tomonidan o‘zbek adabiyotining eng kuchli asari deb tan olingani haqida ko‘p o‘ylaganman, o‘qiganman. Ammo o‘z fikrimda qolaman — men uchun O‘tkir Hoshimovning “Dunyoning ishlari” asari Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romanidan yuqoriroq turadi. Bunga sabab, ehtimol, onamni butun O‘zbekiston tarixidan yuqori qo‘yishimdadir.

Jorj Oruellning 1984 antiutopiyasi va Molxona qissasi ham eng sevimli asarlarimdan. Ularni yaxshiroq tushunish uchun Sovet Ittifoqida ozroq bo‘lsa ham yashagan bo‘lish kerak, juda bo‘lmasa uning tarixini va undagi haqiqiy ahvol qanday bo‘lgani haqida biroz bo‘lsa-da ma’lumotga ega bo‘lgan ma’qul. Ya’ni bu asarlardagi voqealar qandaydir xayoliy emas, aksincha, hayotda bo‘lgan va hozir ham dunyoning ko‘plab joylarida bo‘layotgan ishlardir.

Oruell bu asarlarida siyosat aqlli va mohir insonlar tomonidan jirkanchlik bilan yuritilsa, milliardlab insonlarni hohlagan tomonga yo‘naltirish va turli ko‘yga solish mumkinligini ko‘rsatib bergan. Odamlar o‘zlari uchun zararli va salbiy ishlarni katta xohish bilan bajarishlari hamda ularni ezayotgan qudrat egalarini sidqidildan olqishlashlari mohirona tasvirlangan. Ikkala asarda ham Lenin, Stalin, Trotskiy, NKVD, intelligensiya, proletariat, Politbyuro — hammasi qanday ish yuritganligini ko‘rish mumkin.

Kasbiy mahorat bo‘yicha eng yoqqan kitob — Eliyaxu Goldrattning Sel asari. Bu kitob mazmunini tushunib, uni amalda qo‘llash sizga eng kichik masalaga yechim topishda ham, ulkan maqsadga erishishda ham yordam beradi. Kitob beradigan yechimning eng sodda ta’rifi — muammolar zanjirining eng zaif joyini toping, uni tuzating. Keyin esa yana eng zaif joyini topib, uni tuzating va shu tariqa davom eting. Bu juda sodda tushuntirish, albatta. Yaxshilab tushunish uchun esa kitobni o‘qish kerak.

Eliyaxu Goldratt. “Sel”. Sotib olish.Eliyaxu Goldratt. “Sel”. Sotib olish.

Umuman olganda, nima o‘qish va o‘qimaslikni o‘quvchining o‘zi hal qilishi kerak, toki unga hech qanday avtoritetlar ta’sir o‘tkaza olmasin. Vaqti kelib biror bir asarni o‘qishga ehtiyoj sezib qolar, lekin hozir urf bo‘layotgan “o‘qilishi shart bo‘lgan adabiyotlar ro‘yxati”ning sun’iy ta’siridan yiroq bo‘lish kerak.

Nima bo‘lgan taqdirda ham, har bir inson qitob o‘qishi shart! Nafaqat, badiiy asarlar, balki kasbiy mahorat va shaxsiy rivojlanish bo‘yicha doim mutolaa qilish kerak.