AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligining (USAID) Osiyo bo‘yicha byurosi ma’muriyati yordamchisi o‘rinbosari Anjali Kaur (Änjali Kaur) AQSh-O‘zbekiston hamkorlik aloqalarini rivojlantirish maqsadida 26−30-avgust kunlari O‘zbekistonda bo‘ladi. U tashrif doirasida USAIDning hamkorlari va hukumat rasmiylari bilan uchrashadi.

Xususan, Anjali Kaur Samarqandda ingliz tili fani o‘qituvchilari bilan davra suhbati o‘tkazib, USAID yordami bilan davlat maktablari tizimida ingliz tilini o‘qitish qanday yaxshilangani bilan tanishadi. Shuningdek, u USAID tomonidan moliyalashtirilgan migrantlar uchun maslahat markaziga boradi va agentlik ko‘magida biznesi kengaygan bir qancha tadbirkorlar bilan ham uchrashadi.

Ma’lum qilinishicha, USAID rasmiysi Toshkentda farmatsevtika sohasida xalqaro sifat standartlarini ta’minlash hamda O‘zbekistonda xavfsiz va sifatli dori vositalaridan foydalanish imkoniyatlarini oshirish bo‘yicha Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi bilan o‘zaro anglashuv memorandumini imzolaydi.

Ma’lumot uchun, Anjali Kaurning faoliyat doirasi Janubiy va Markaziy Osiyo, jumladan, O‘zbekiston, shuningdek, butun Osiyo mintaqasi uchun texnik xizmatlarni qamrab oladi.

Eslatib o‘tamiz, Anjali Kaur 2022-yilning may oyi so‘ngida ham O‘zbekistonga tashrif buyurgandi. O‘shanda u USAID orqali O‘zbekistonning milliy immunizatsiya tizimini mustahkamlash maqsadida SSVga juda zarur bo‘lgan sovuq zanjirli uskunalar va kompyuterlarni topshirish marosimida ishtirok etgan.

Bundan tashqari, qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Alisher To‘rayev bilan uchrashuv o‘tkazib, USAID O‘zbekistondagi, ayniqsa, Orolbo‘yi hududidagi qishloq ayollarini qo‘llab-quvvatlash uchun 2,4 mln dollar ajratishini ma’lum qilgandi.