O‘zbekiston va AQSh rasmiylari Afg‘onistonga gumanitar va boshqa yordam ko‘rsatish bo‘yicha harakatlarni yanada muvofiqlashtirish niyatida, deya xabar qildi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.

Toshkentda O‘zbekiston prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev va AQSh Kongressi Senatining Tashqi aloqalar qo‘mitasi katta xodimi Sharlott Oldhem-Mur Afg‘oniston bo‘yicha hamkorlik masalalarini muhokama qildi.

Senat vakili Afg‘onistonda keng vakillikka asoslangan hukumat tuzish, shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlari va jahon hamjamiyatining ushbu mamlakatdagi xotin-qizlar huquqlarini ta’minlash borasidagi sa’y-harakatlarini muvofiqlashtirish zarurligini ta’kidladi.

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev iyul oyida SHHT sammitida Afg‘oniston muammosi va afg‘on xalqining fojiasi xalqaro kun tartibida ikkinchi o‘ringa surilib qolganini aytgandi.

Avgust oyi boshida Ismatulla Irgashev va Yevropa Ittifoqining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus elchisi Tomas Niklasson ham ikki tomonlama asosida Afg‘oniston masalasi bo‘yicha maslahatlashuvlarni davom ettirishdan o‘zaro manfaatdor ekanini bildirgandi.