O‘zbekistonning Kiyevdagi elchixonasi Ukrainani 24-avgust kuni nishonlanadigan milliy bayram — Mustaqillik kuni bilan tabrikladi. Ukrain tilidagi tabrik elchixonaning Facebook`dagi sahifasida e’lon qilindi.

“Qadrli ukrain do‘stlar, sizlarni milliy bayram — Mustaqillik kuni bilan chin qalbimizdan tabriklaymiz! Ishonchimiz komilki, xalqlarimiz o‘rtasidagi an’anaviy va ko‘p yillik do‘stlik rishtalari bundan buyon ham davom etadi. Fursatdan foydalanib, sizlarga osmoningiz tinch bo‘lishini, abadiy gullab-yashnash va farovonlikni tilab qolamiz”, — deyiladi xabarda.

O‘tgan yilning shu kuni elchixona o‘z saytida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyga yo‘llagan tabrigini e’lon qilgandi.

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Toqayev Vladimir Zelenskiyga tabrik telegrammasi yo‘llab, Ukraina xalqini Mustaqillik kuni bilan tabrikladi.

Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev ham Vladimir Zelenskiyga tabrik maktubi yo‘llab, Ozarbayjon-Ukraina munosabatlari bundan keyin ham rivojlanib borishiga ishonch bildirdi. “Ozarbayjon doimo BMT nizomi, xalqaro huquq normalari va tamoyillariga sodiq qolgan holda barcha davlatlarning, jumladan, Ukrainaning suvereniteti va hududiy yaxlitligini hurmat qiladi. Biz Ukraina xalqiga gumanitar yordam ko‘rsatish masalalariga doimiy e’tibor qaratamiz va zarur yordamni ko‘rsatishga tayyormiz”, — deyiladi maktubda.

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko va Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov ham Ukraina xalqini Mustaqillik kuni bilan tabrikladi.

Tojikiston va Qirg‘iziston prezidentlarining matbuot xizmatlari tabriklar yuborilgani haqida xabar bermadi.