20-avgust kuni soat 00:36 atrofida Samarqand viloyati Urgut tumanida Malibu-2 haydovchisi piyodani urib yubordi, deya xabar bermoqda tuman hokimligi matbuot xizmati.

Tumanning “Bog‘ishamol” MFY hududidan o‘tuvchi 4R-47 avtomobil yo‘lining 59-kilometrida Malibu-2 avtomashinasi harakatlanib kelayotgan vaqtida yo‘lning chap tomonidan o‘ng tomoniga o‘tayotgan piyodani urib yuborgan. Piyoda haydovchi tomonidan tibbiyot birlashmasiga yetkazilgan.

Biroq tibbiyot xodimlarining ko‘rsatgan muolajalariga qaramasdan, yo‘lovchi hayotdan ko‘z yumgan. Holat yuzasidan Urgut tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

2022-yilda O‘zbekistonda 9902 ta yo‘l-transport hodisasi qayd etilgan. Baxtsiz hodisalarning aksariyati — 44,9 foizi piyodalar bilan bog‘liq. Yo‘l-transport hodisalarida 2356 kishi halok bo‘lgan.

“Gazeta.uz” avvalroq sudlarning tasodifiy 50 ta qarorini o‘rganib, haydovchilar bunday qoidabuzarlik uchun qanday jazo olishlarini aniqlagandi. Ma’lum bo‘lishicha, piyoda o‘limi uchun biror bir haydovchi qamalmagan.