Yakshanba kuni O‘zbekiston hududining katta qismida ob-havoning keskin o‘zgarishi kutilmoqda, deya xabar berdi O‘zgidromet xizmati agentligi.

Juma kuni kunduzi respublika hududi bo‘yicha kam bulutli, quruq va issiq ob-havo saqlanib turadi. Havo harorati +36…+39 darajaga yetadi. Shanba, 26-avgust kuni esa respublikaning shimoli-g‘arbiy hududlariga Rossiyaning janubiy hududlaridan nam va salqin havo massalari kirib kelishi boshlanadi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm viloyatida va kunning ikkinchi yarmida Buxoro, Navoiy viloyatlarida ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Qolgan hududlarida 26-avgustda quruq ob-havo saqlanib turadi, harorat +33…+36 daraja bo‘ladi.

27−28-avgust kunlari nam va salqin havo massalari kirib kelishi O‘zbekistonning barcha hududlarini qamrab oladi. Barcha joylarda bulutlilik kuchayishi kutilmoqda, respublikaning ko‘p viloyatlarida ba’zi joylarda vaqti-vaqti bilan momaqaldiroq bo‘lib, yomg‘ir yog‘adi.

Kunduzgi havo harorati +23…+28 darajgacha pasayadi. Kechasi va ertalab havo biroz salqinlashadi. 28-avgustga kelib kechasi harorat +13…+16 darajagacha pasayadi. Ushbu kunlarda shamol tezligi 17−22 m/s gacha kuchayishi kutilmoqda, ba’zi joylarda 23−25 m/s gacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-to‘zon bilan kuzatilishi mumkin.

Respublikaning tog‘oldi va tog‘li hududlarida ob-havoni o‘zgarishi sezilarli bo‘ladi, bu hududlarda 27−28-avgust kunlari ba’zi joylarda kuchli yomg‘irlar yog‘ib o‘tadi. Kutilayotgan kuchli yomg‘irlar yog‘ishi hisobiga respublikaning tog‘oldi va tog‘li hududlarida 27−29-avgust kunlari sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin.

Toshkent shahrida 25−26-avgust kunlari havo asosan biroz bulutli bo‘ladi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Shamol sharqdan 5−10 m/s tezlikda esadi. Harorat 25-avgustda +36…+38 daraja, 26-avgustda kechasi +22…+24 daraja, kunduz kuni +34…36 daraja bo‘ladi.

27-avgustda va kechasi 28-avgustda vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Ertalab 28-avgustda biroz yomg‘ir yog‘ishi mumkin, kundizi yog‘ingarchilik kutilmaydi. Shamol sharqdan 5−10 m/s tezlikda esadi. Harorat kechalari +14…+16 darajagacha, kunduz kunlari +24…+26 darajagacha pasayadi.