O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘z fuqarolarining chegaradan o‘tishini osonlashtirmoqda, deb xabar qildi Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.

2006-yil oktabr oyida imzolangan fuqarolarning o‘zaro kelib-ketishlari to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimga o‘zgartirishlar kiritildi. Mazkur hujjatga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha bayonnomalar almashinuvi Shavkat Mirziyoyevning 27-yanvar kuni Bishkekka tashrifi doirasida bo‘lib o‘tgan.

Bayonnomaga ko‘ra, 1-sentabrdan ikki davlat fuqarolari ID kartalar orqali (“zagran” pasportsiz) ikki davlat hududiga kirish, chiqish, tranzit o‘tish, harakatlanish va unda bo‘lib turishlari mumkin.

Avvalroq fuqarolarning chegaradan o‘tayotgani haqidagi ma’lumotlar elektron shaklda qayd etilishi, shuning uchun pasportga muhr bosishga hojat qolmasligi haqida xabar berilgandi. Qirg‘iziston O‘zbekiston bilan chegarani ID kartalar orqali kesib o‘tish tartibini o‘rnatgan birinchi davlat bo‘ldi.