Ijtimoiy tarmoqlarda xalq orasida “Isoqjon domla” nomi bilan tanilgan Toshkent shahridagi “Imom Termiziy” jome masjidi imom-xatibi Isoqjon Begmatovning keshbek olish va soliq solish to‘g‘risida gapirgan videosi tarqaldi.

Domlaning aytishicha, savdogar keshbek (to‘langan summaning xaridorga qaytariladigan ma’lum foizi) berish uchun qancha ko‘p “kassoviy apparat”dan mahsulotini o‘tkazsa, shuncha ko‘p soliq to‘laydi. Oqibatda zararga kirib qoladi.

“Bu yerda keshbekni talab qilayotgan xaridor savdogarga zulm qilayotgani yo‘q, har bir savdo molini keshbekka urish kerak, deb qonun chiqarganlar zulm qilyapti. Shu narsani o‘ylab topganlar xalqqa, savdogarlarga, tadbirkorlarga zulm qilyapti. Solig‘ini haddan tashqari oshirib yuborgan”, — degan u.

25-avgust kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasining ichki nazorat komissiyasi domlaning bir qator chiqishlari muhokama qildi. Komissiya a’zolari tomonidan uning hissiyotga berilib qilgan keskin chiqishlari, ulamolar fatvolariga nisbatan ayrim teskari fikrlari, ixtilofli masalalarni ko‘tarishi oqibatida nizo va qarama-qarshiliklarga sabab bo‘lgani tanqid ostiga olindi.

“Komissiya avval ham ushbu imom-xatibning mana shunday chiqishlarini bir necha bor ko‘rib chiqib, uni jiddiy ogohlantirgan edi. Afsuski, bunday holatlar yana takrorlanishda davom etdi. Yig‘ilishda uning mazkur chiqishlari idora munosabatini mutlaqo ifoda etmasligi, balki uning o‘zbilarmonlik ila aytgan shaxsiy fikr-mulohazalari ekani ta’kidlandi”, — deyiladi xabarda.

Isoqjon Begmatov chiqishlarida jiddiy xatoga yo‘l qo‘yganini tan olgan va pushaymonligini bildirgan. Ichki nazorat komissiyasi ushbu yo‘nalishdagi buyruqlar talablari, ichki tartib-qoidalari hamda mehnat majburiyatlariga muntazam ravishda rioya etmagani uchun uni “Imom Termiziy” jome masjidi imom-xatibi vazifasidan ozod etdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq ham tarmoqlarda ishlatilgan mablag‘ning ma’lum qismi qaytarib berilishi, ya’ni keshbek olish Islom diniga zidligi borasida video tarqalgan. Fatvo markazi bunday xulosani rad etib, ulardan foydalanish mumkinligini bildirgandi.