Turkiya Markaziy banki 24-avgust kuni asosiy stavkani 750 bazis punktiga — 17,5 foizdan 25 foizga oshirdi. Bu haqda tashkilot rasmiy saytida xabar berildi.

Regulyator inflyatsiyani imkon qadar tezroq pasaytirish, inflyatsion kutilmalarni mustahkamlash va narx dinamikasining yomonlashuvini nazorat qilish maqsadida pul-kredit siyosatini kuchaytirish jarayonini davom ettirishga qaror qilgan.

Oxirgi ko‘rsatkichlar inflyatsiyaning asosiy tendensiyasi o‘sishda davom etayotganidan dalolat bermoqda.

“Stavka inflyatsiyaning asosiy tendensiyasini pasaytirish va o‘rta muddatli istiqbolda inflyatsiyani 5 foizlik ko‘rsatkichga olib keladigan pul-kredit va moliyaviy sharoitlarni ta’minlash maqsadida belgilanadi. Inflyatsiya prognozining sezilarli yaxshilanishiga erishilgunga qadar zaruratga qarab pul-kredit siyosati bosqichma-bosqich kuchaytiriladi”, — deyiladi tashkilot bayonotida.

Ma’lumot o‘rnida, Turkiya Markaziy banki 22-iyunda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida mamlakatda foiz stavkasini 8,5 foizdan 15 foizga oshirish bo‘yicha qaror qabul qilgandi. Bu foiz stavkasining 2021-yildan beri birinchi marta oshirilishi bo‘lgan.

So‘nggi yillarda Turkiya regulyatori prezident Erdog‘anning “past qarz xarajatlari” siyosati ta’siri ostida foiz stavkasini muntazam pasaytirib kelayotgan edi. Bu, o‘z navbatida, chuqur inflyatsiya, yashash xarajatlarining ko‘tarilishi va investorlarning mamlakatni tark etishiga olib keldi.

Mamlakat prezidentligiga qayta saylangan Rejep Tayyip Erdog‘an Mehmet Shimshekni g‘aznachilik va moliya vaziri etib tayinlagani hamda Markaziy bank rahbarligini Hafize Gaye Erkanga ishonib topshirganidan so‘ng mutaxassislar va jamoatchilikda pul-kredit siyosatining an’anaviy yo‘nalishga qaytilishi, moliyaviy vaziyatning barqarorlashuviga umid uyg‘ongan edi.

Shunga qaramay, 22-iyundagi o‘sish ko‘lami kutilmalarni oqlamadi. Financial Times nashriga ko‘ra, mamlakatda narx bosimini bartaraf etish yanada keskin choralarni talab etardi. Bankning o‘sha qaroridan keyin lira dollarga nisbatan navbatdagi rekord darajasini qayd etdi — 24,5. O‘shanda mahalliy ishbilarmonlar va xalqaro investitsiya banklari foiz stavkasining 20 foizga oshishiga umid qilgandi.