Payshanba kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Turkmanistonning yangi elchisi Shadurdi Meredovning ishonch yorliqlari nusxalarini qabul qildi.

“So‘nggi yillarda aloqalarimiz misli ko‘rilmagan darajada kengayganiga guvoh bo‘ldik. Erishilgan yutuqlar talaygina, yanada ko‘prog‘i esa hali oldinda. Janob elchiga mamlakatimizdagi faoliyati mobaynida muvaffaqiyatlar tilaymiz”, — deb yozdi vazir o‘zining Telegram-kanalida.

Turkmaniston prezidentining 31-iyuldagi farmoni bilan Shadurdi Meredov Toshkentdagi elchi etib tayinlangandi. Bungacha u Turkmanistonning Qirg‘izistondagi elchisi bo‘lgan.

Turkmanistonning avvalgi elchisi Yazguli Mammedov iyul oyi o‘rtalarida O‘zbekistondagi besh yillik missiyasini yakunladi.