Oliy Majlis Senati 24-avgust kuni bo‘lib o‘tgan yalpi majlisda “Ijaraga to‘g‘risida”gi va “Lizing to‘g‘risida”gi qonunlarga o‘zgartirishlar kiritishni ma’qulladi, deya xabar qildi O‘zbekiston parlamenti yuqori palatasi matbuot xizmati.

Birinchi qonunda keyinchalik sotib olish sharti bilan ijaraga berish shartnomasi shartlari va u bilan bog‘liq munosabatlar tartibga solinmagan. Bundan tashqari, ijarachilarning ijaraga olingan obyektni o‘zlashtirganidagi huquqlarini himoya qilishni ta’minlaydigan norma yo‘q. Xususan, to‘lovlarni amalga oshirgach, ijarachi obyektni o‘z mulki sifatida ro‘yxatdan o‘tkazmoqchi bo‘lganda bu mulk garovga qo‘yilgan yoki musodara qilingan bo‘lib chiqishi mumkin.

budjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi raisi Erkin Gadoyevning Oliy sud ma’lumotlariga tayanib xabar berishicha, 2020-yilda avtomobillarni ijaraga yoki lizingga berishda firibgarlik jinoyati bo‘yicha 10 nafar shaxsga ayblov hukmi o‘qilgan bo‘lib, 2021-yilda bu ko‘rsatkich ikki barobardan ko‘proqqa oshgan va 22 nafarni tashkil etgan.

Bu jinoyatlar oqibatida fuqarolarga yetkazilgan zarar 2020-yilda 8,2 mlrd so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 2021-yilda bu ko‘rsatkich qariyb 9 barobar oshib, 69,3 mlrd so‘mga yetdi. Bu jinoyatdan jabr ko‘rganlar soni 16 baravarga oshib, 16 ming 805 kishini tashkil etdi.

ijara, lizing, сенат

Erkin Gadoyev. Foto: Senat.

Qonun bilan ijaraga beruvchi o‘ziga tegishli mol-mulkni keyinchalik sotib olish sharti bilan shartnoma asosida ijaraga berganda, ijaraga oluvchi shartnoma shartlarini bajarganidan keyin obyektni unga mulk qilib topshirish majburiyatini olishi belgilanmoqda.

Bunday shartnoma tuzilgan paytdan e’tiboran shartnomada ko‘rsatilgan mol-mulk garovga qo‘yilgan hisoblanib, uni boshqa shaxslarga garovga berish yoki boshqacha tarzda tasarruf etish taqiqlanadi.

“Lizing to‘g‘risida”gi qonunda lizing beruvchi lizing oluvchining oldindan roziligisiz lizing obyektidan garov sifatida foydalanishga haqli emasligi qayd etilgan. Ammo lizing beruvchi lizing oluvchining roziligisiz lizing obyektini tasarruf etishga haqli emasligi haqida qoida yo‘q. Buning oqibatida lizing obyekti lizing beruvchining boshqa majburiyatlarini bajarish uchun musodara qilingani holatlari mavjud.

Shu sababli lizing beruvchi lizing oluvchining roziligisiz obyektni boshqa usulda tasarruf etishga haqli emasligi to‘g‘risidagi qoida kiritilmoqda.

Shuningdek, lizing shartnomasida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, shartnoma tuzilgan vaqtdan e’tiboran shartnoma obyekti lizing beruvchi tomonidan majburiyatlar bajarilishini ta’minlash uchun lizing oluvchida garovga olingan hisoblanishi to‘g‘risidagi qoida kiritilmoqda.

Qolaversa, undiruvni lizing obyektiga qaratishdan oldin uning qiymatini lizing oluvchi tomonidan to‘liq to‘lash orqali mulk qilib olishi mumkinligi ko‘rsatilmoqda.

Lizing beruvchining yoki oluvchining uchinchi shaxslar oldidagi majburiyatlari bo‘yicha lizing obyektini musodara qilish (uni olib qo‘yish) ular tomonidan to‘langan va olingan lizing to‘lovlari doirasida amalga oshiriladi. Shu bilan birga, davlat ijrochisi obyektni olib qo‘yishdan oldin lizing shartnomasi bo‘yicha to‘lanishi kerak bo‘lgan summani bittada to‘lash yo‘li bilan obyektni sotib olishni taklif qilishi shart. Bu holda lizing obyektini musodara qilish jarayoni to‘xtatiladi.

Senat raisi Tanzila Narbayeva amalda fuqarolar ijara va lizing masalalarida aldanib, katta miqdorda zarar ko‘rish holatlari ko‘p uchrayotganini ta’kidladi.

“Bugun ijara, lizing masalalarida fuqarolar norozi bo‘layotgan, aldanib qolib, katta miqdorda zarar ko‘rayotgan holatlar kam emas. Ijara, lizing munosabatlarga kirishayotganda har bir fuqaro o‘z huquqlarini qonun bilan aniq va mustahkam himoya qilinishiga to‘liq ishonch hosil qilishi kerak. Qonundagi yangi normalarning maqsadi aynan shundan iborat”, — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, qonunning to‘g‘ri talqin qilinishi va qo‘llanishini bevosita ijrochilar ta’minlamasa, kutilgan natija bo‘lmaydi. Shu sababdan barcha mutasaddi rahbarlar, ayniqsa, hududlardagi mahalliy kengashlar deputatlari aholi va amaldorlarning mazkur yangiliklardan xabardorligini oshirishga jiddiy e’tibor qaratishlari zarur, deya ta’kidladi Senat rahbari.