Yaponiyaning Tokyo Electric Power Co kompaniyasi “Fukusima-1” atom elektr stansiyasidan Tinch okeaniga tozalangan radioaktiv suvni to‘ka boshladi. Bu haqda NHK telekanali xabar berdi.

Suv stansiyaning faoliyati to‘xtatilgan, qolgan issiqligi ajralib chiqayotgan yadro reaktorlarini sovutish uchun ishlatilgan. 2011-yilda stansiyada sodir bo‘lgan avariyadan beri taxminan 1,3 mln tonna suv to‘plangan va rezervuarlar to‘lgan.

Birinchi partiya doirasida 17 kun ichida okeanga 7800 tonna suvni to‘kish rejalashtirilgan. To‘kilayotgan suv filtrlash tizimidan o‘tadi. Bu filtrlash tizimi undagi tritiy izotopidan tashqari barcha radioaktiv moddalarni tozalay oladi. Chiqarilgan suvdagi tritiy miqdorini Yaponiya hukumati tomonidan belgilangan xavfsizlik standartining qirqdan biri darajasigacha tushirish uchun u qo‘shimcha ravishda toza dengiz suvi bilan suyultiriladi. Jarayon 30 yil davom etishi kutilmoqda.

Yaponiya suvni to‘kishni boshlaganidan so‘ng Xitoy “xitoylik iste’molchilarning sog‘lig‘ini himoya qilish maqsadida” bu mamlakat dengiz mahsulotlari importini butunlay to‘xtatganini e’lon qildi. Avvalroq Xitoy “Fukusima” va uning atrofidagi hududlardan yuk tashishni taqiqlagan edi.

Janubiy Koreya, o‘z navbatida, suvni to‘kish qat’iy reja bo‘yicha amalga oshirilsa, me’yorlarga mos kelishini va “ortiqcha tashvish”ga hojat yo‘qligini tan oldi. Bosh vazir Xan Dak Su ikki davlat regulyatorlari o‘rtasida tezkor ma’lumot almashish uchun “ishonch telefoni” tashkil etishga kelishib olganini ma’lum qildi va Yaponiyani suv to‘kish ma’lumotlarini “shaffof va mas’uliyat bilan” oshkor qilishga chaqirdi, deb yozadi Yonhap.

Shuningdek, AES suvining to‘kilishiga fukusimalik baliqchilar ham qarshi chiqdi. Bunga javoban Yaponiya bosh vaziri Fumio Kisida ularga suvni oqizish AESni demontaj qilish yo‘lidagi muhim bosqich va mintaqani qayta tiklash uchun zarur chora ekanligini ta’kidladi.

Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik — MAGATE rahbari Rafael Grossi esa Yaponiyaning rejalarini qo‘llab-quvvatladi. U buni “MAGATE tomonidan sertifikatlangan, ma’qullangan va dunyoning ko‘plab joylarida qo‘llaniladigan” odatiy amaliyot deb baholadi.

Eslatib o‘tamiz, 2011-yil mart oyida Yaponiyada zilzila sodir bo‘lgan va u 550 kvadrat kilometrdan ortiq maydonni egallagan kuchli sunamiga sabab bo‘lgandi. Oqibatda qariyb 16 ming kishi halok bo‘ldi.

Tabiiy ofat natijasida “Fukusima-1” AESda avariya sodir bo‘ldi: stansiyaning 3 ta reaktorida yadro yoqilg‘isi erishi kuzatildi. Radioaktiv chiqindilar tufayli 80 mingdan ortiq odamni evakuatsiya qilishga to‘g‘ri keldi.