Samarqand viloyatida joriy yilda elektr energiyasi taqchilligi 2022-yildagidan ko‘proq bo‘lishi mumkin. Bu haqda payshanba kuni Samarqandda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev aytib o‘tdi, deb yozadi Kun.uz.

“Samarqandda so‘nggi besh yilda elektr iste’moli 1,5 baravarga oshgan, lekin viloyatda deyarli generatsiya yo‘qligi sabab yil yakunida 650 mln kilovatt soat yoki o‘tgan yilgiga nisbatan uch baravar ko‘p defitsit bo‘lishi kutilmoqda”, — dedi davlat rahbari.

Erkinjon Turdimov. Videodan lavha.Erkinjon Turdimov. Videodan lavha.

“Hamma topshiriqni beryapmiz, lekin qishda svet o‘chsa, samarqandliklar Turdimov demaydi, „Mirziyoyev qayerga qarayapti“, deydi. Tuman hokimi, viloyat hokimining noinsof o‘rinbosari shu sohaning egasi, oylik olyapti, noinsof, demaydi”, — dedi u.

Davlat rahbari Turdimovdan 650 mln kVt·s o‘rni qanday qoplanishi to‘g‘risida tilxat yozishni topshirdi. “Men uni internetda tarqataman. Men hokim bo‘lib jamoam bilan kafolat beraman [de], bo‘lmasa, ana u muoviningni ishdan olib ketaman, o‘tir”, — dedi u.

Azim Ahmadxodjayev. Videodan lavha.Azim Ahmadxodjayev. Videodan lavha.

650 mln kVt·s — bu Samarqand viloyatining bir oylik iste’moli. Viloyatda ikkita mini GES 50 MVt, bitta quyosh stansiyasi 300 MVt ishlab chiqaradi.

“Boshqa hech balo yo‘q. Tarmoq eskirgani sabab yiliga 550 mln kVt·s elektr yo‘qotilyapti. Bu xiyonat, qip-qizil xiyonat.
Ahmadxodjayev (energetika vazirining birinchi o‘rinbosari) janobi oliylari, shu yerda qolasan, ketma Toshkentga. Ertaga vaziring keladi komandirovkadan, uni ham jo‘nataman. Necha marta aytish kerak, kengashda tasdiqlaganmisizlar buni? Hisob-kitobi bormi? Shuni hal qilib, menga hisob berasan”, — dedi prezident.

Yil boshidan buyon O‘zbekistonda gaz qazib olish o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 9,5 foizga yoki 2,87 mlrd kub metrga kamaydi. Ishlab chiqarilgan elektr energiyasining 85 foizdan ortig‘i gazda ishlaydigan issiqlik elektr stansiyalariga to‘g‘ri keladi. Biroq, rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, elektr energiyasi ishlab chiqarish 5,5 foizga oshgan.