“Yuksalish” umummilliy harakati rahbari Bobur Bekmurodov YHXB xodimlarini chorrahalarda tadbirkorlar tomonidan o‘rnatilgan yo‘l harakati qoidabuzarliklarini qayd qiluvchi kameralar bilan bog‘liq vaziyat yuzasidan shoshilinch choralar ko‘rishga chaqirdi.

“Gazeta.uz” Toshkentda haydovchilar chorrahalar oldiga noto‘g‘ri joylashtirilgan mashinalar tufayli yo‘l harakati qoidalarini buzishga majbur bo‘layotgani haqida yozgandi. Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari buni qasddan amalga oshirilayotganini aytmoqda.

Bobur Bekmurodovning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi haftalardagi qaydnomalarni taftish qilish va huquqiy baho berish choralarini ko‘rish kerak. Taftish natijasida “noinsof tadbirkorlik yo‘li bilan” undirilgan jarimalar aniqlangan taqdirda, ularni bekor qilish va haydovchilarga to‘lovlarni tadbirkorlar hisobidan qaytarish lozim.

Tadbirkorlik subyektlarining nazorat kameralari orqali qayd qilinayotgan jarimalarni nazorat tartibida doimiy tekshirish amaliyotini joriy qilish zarur.

“Fuqarolarning adolatsiz jarimalar ustidan shikoyat qilishdagi ovoragarchilikdan asrash maqsadida qaydnomalarga onlayn shikoyat berish imkoniyatini yaratish kerak”, — deb hisoblaydi “Yuksalish” rahbari.

Bundan tashqari, u radar o‘rnatilgani to‘g‘risidagi belgilar yonida cheklangan tezlikni aks ettiruvchi belgilarni o‘rnatishni majburiy qilishni taklif etdi.

“Bu boradagi faoliyat yuzasidan jamoatchilikka muntazam ravishda axborot berib borish amaliyotini yo‘lga qo‘yish maqsadga muvofiq deb hisoblaymiz”, — deydi Bobur Bekmurodov.

Muammoli chorrahalardan biri joylashgan Mirzo Ulug‘bek tumani hokimligi va Ichki ishlar vazirligi YHXB xodimlari bir kun avval vaziyatni o‘rganib, batafsil ma’lumot berishlarini aytgandi.