2023−2024 o‘quv yili uchun davlat oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga kirish test sinovlari natijalariga ko‘ra 193 421 nafar abituriyent talabalikka tavsiya etildi. Bu haqda Bilim va malakalarni baholash agentligi axborot xizmati xabar berdi.

Shundan 42 ming 655 nafari davlat granti asosida, 150 ming 766 nafari esa to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga kirdi.

‍Talabalikka tavsiya etilganlarning ta’lim shakllari bo‘yicha taqsimoti:

  • kunduzgi — 129 927 nafar;
  • sirtqi — 49 852 nafar;
  • kechki — 10 752 nafar;
  • masofaviy — 2 890 nafar.

Davlat granti asosida o‘rtacha ball 119,3 ballni, to‘lov-kontrakt asosida o‘rtacha ball esa 93,3 ballni tashkil etdi. O‘tgan yil bilan taqqoslaganda, raqamlarda tushish kuzatildi: mos ravishda 121,2 va 95,9 ball.

Bu yilgi test sinovlarida 948 mingdan ziyod abituriyentdan 888 660 nafari ishtirok etdi, 59 831 nafari qatnashmadi.

Abituriyentlarning 215 nafari tartib-qoidani buzgan uchun test sinovlaridan chetlashtirildi: 67 nafari hududga kirishda, 148 nafari test sinovi jarayonida.

Chetlashtirish holatlarining aksariyat qismi taqiqlangan vositalar, jumladan, telefon va shpargalka olib kirish yoki olib kirishga urinish hamda abituriyent o‘rniga boshqa shaxslarning kirishga urinishi bilan bog‘liq, deyiladi agentlik xabarida.

Test sinovi jarayonida chetlashtirish holatlarining 34 tasi (23%) Samarqand viloyatida, 31 tasi (20,9%) Toshkent shahrida, 20 tasi (13,5%) esa Farg‘ona viloyati hissasiga to‘g‘ri keldi.

Eng kam qoidabuzarlik holatlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi (1 ta) hamda Xorazm, Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida (3 tadan) kuzatildi.