O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 18-avgust kuni baliqchilik xo‘jaliklari ehtiyojlari uchun suv havzalaridan foydalanish tartibini takomillashtirish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi.

Hujjatga ko‘ra, 2024-yil 1-yanvardan boshlab “Har bir oila — tadbirkor” dasturi doirasida aholi va tadbirkorlarga baliqchilik loyihalari uchun 50 mln so‘mgacha (hozirgi kunda 33 mln so‘m) garovsiz kreditlar ajratiladi.

Joriy yilning 1-oktabridan davlat tasarrufidagi tabiiy va sun’iy suv havzalari (suv omborlari) tadbirkorlik subyektlariga baliqlarni tijorat va boshqa maqsadida ko‘paytirish va ovlash uchun onlayn-auksion (E-Auksion) orqali ijaraga beriladi.

Tabiiy va sun’iy suv havzalari (suv omborlari) hamda daryo atrofidagi qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalari — suv bo‘yida plyaj zonalarini tashkil etish, sport-ishqibozlik turidagi baliq ovlash, baliq ovi, qayiqda suzish va suv sayohati bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish, baliq mahsulotlari, shu jumladan baliq taomlari savdosi, umumiy ovqatlanish va boshqa turizm xizmatlarini tashkil etish hamda ushbu maqsadlarda yengil konstruksiyali qurilmalarni (o‘tov lagerlari majmuasi, konteynerlarni) joylashtirish uchun ijaraga beriladi.

Shu bilan birga, ushbu talablar ijara shartnomalarining amal qilish muddati tugamagan tabiiy va sun’iy suv havzalariga (suv omborlariga) hamda Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimiga nisbatan tatbiq etilmaydi.

2024-yilda baliq ovlash hajmini 900 ming tonnaga yetkazish, shundan 644,7 ming tonnadan ortig‘ini yarim intensiv suv havzalarida yetishtirish kutilmoqda. Taxminan 9000 ta uy xo‘jaligida uy sharoitlarida baliq yetishtirilishi kutilmoqda.