AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligining (USAID) O‘zbekistondagi missiyasiga yangi direktor tayinlandi. Missiyaning Facebook`dagi sahifasida xabar qilinishicha, Devid Xofman bu lavozimni egalladi.

“Janob Xoffman O‘zbekiston hukumati tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlar dasturini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha USAID dasturlariga rahbarlik qiladi”, — deyiladi xabarda.

Devid Xofman 4-avgust kuni Vashingtonda USAID ma’muriyati rahbari Samanta Pauer, O‘zbekistonning AQShdagi elchisi Furqat Sidiqov va AQShning O‘zbekistondagi elchisi Jonatan Xenik (onlayn) ishtirokidagi marosimda qasamyod qildi.

usaid, дэвид хофман, саманта паuэр

Foto: USAID.

USAIDning O‘zbekistondagi missiyasi 2020-yil sentabr oyida mamlakat hukumati va xalqi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni o‘rnatish maqsadida tashkil etilgan. Bungacha agentlik vakolatxonasi USAIDning Markaziy Osiyodagi missiyasi tarkibida bo‘lgan. Mikaela Meredit missiyaning ilk direktori bo‘lgan.

Devid Xofman 2009-yildan beri USAIDda ishlaydi. U Kaliforniyada tug‘ilgan, bolaligi otasi faoliyat olib borgan Germaniyada o‘tgan va AQShda o‘rta maktabni a’lo baholar bilan tamomlagan. Stenford universitetida tahsil olgan, u yerda avval xalqaro munosabatlar, keyin fizika bo‘yicha bakalavr darajasini olgan. U, shuningdek, Berklidagi Kaliforniya universitetida siyosiy fanlar doktori (PhD) darajasiga ega.

Devid Xofman turli mamlakatlardagi bir qator agentlik missiyalarida USAIDning tashqi ishlar xizmati xodimi sifatida ishlagan. O‘rta Osiyo va Kavkaz mintaqasi bilan yaxshi tanish, rus va turk tillarida erkin suhbat qura oladi, o‘zbek, qozoq va gruzin tillarini tushunadi.

Uning USAIDdagi birinchi lavozimi Pokistondagi missiyasi bo‘lgan. Ko‘p o‘tmay u Roza Otunbayevaning muvaqqat ma’muriyatiga yordam berish uchun Qirg‘izistonga taklif qilingan. 2019-yilda Devid Xofman USAIDning Gruziyadagi missiyasi direktori o‘rinbosari bo‘ldi. Keyinroq agentlikning Armanistondagi missiyasi rahbari vazifasini bajaruvchi bo‘lib ishladi. U Indoneziyadagi missiyada ham xizmat qilgan. O‘zbekistonda u birinchi bor USAID missiyasi rahbari bo‘ldi.

“Hozir O‘zbekiston xalqi taraqqiyotning muhim bosqichida. Prezident Mirziyoyev rahnamoligida O‘zbekistonda iqtisodiy o‘sishni jadallashtirish, xizmat ko‘rsatish va fuqarolarni himoya qilish sohasini kengaytirish, xalqni demokratik jarayonlarga to‘liqroq jalb etishga qaratilgan islohotlar amalga oshirilmoqda”, — dedi Samanta Pauer qasamyod qabul qilish marosimida.

USAID, AQSh hukumati kabi, O‘zbekiston xalqini qo‘llab-quvvatlashni chuqurlashtirish tarafdori. “Biz kuchli fuqarolik jamiyati, hisobdorlik, shaffoflik hamda boshqaruvni yaxshilashga ko‘maklashish ustida ishlayapmiz. Mustaqil OAVning o‘sishi o‘zbek yoshlari ko‘rishni orzu qilgan O‘zbekistonni barpo etishda mutasaddilarning mas’uliyatini, mutanosiblikni ta’minlashda muhim ahamiyatga ega ekanini bilamiz”, — deydi idora administratori.

“USAID O‘zbekistonning savdo hamkorlarini diversifikatsiya qilish, qo‘shnilari bilan iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash va yangi ish o‘rinlari yaratish borasidagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlaydi”, — deya qo‘shimcha qildi u.

Samanta Pauer, shuningdek, rivojlanishga ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan suv resurslari tanqisligi ortib borayotganini ta’kidladi. USAID O‘zbekistondagi hamkorlari bilan yechim topish, jumladan, kamroq suv bilan ko‘proq mahsulot yetishtirish uchun qishloq xo‘jaligining yangi usullarini joriy etish ustida ishlanmoqda, dedi u.