14-avgust kuni Dog‘iston poytaxti Maxachqal’a shahrida ro‘y bergan portlash oqibatida 4 nafar O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘lgan. Bu haqda Respublika rahbari matbuot xizmati xabar bermoqda.

Dog‘iston rahbari Sergey Melikov Maxachqal’adagi yonilg‘i quyish shoxobchasi oldida sodir bo‘lgan portlash sababli xorijiy davlatlar fuqarolari halok bo‘lganini bildirib o‘tdi.

“Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Maxachqal’ada sodir bo‘lgan portlash oqibatida 4 nafar O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘lgan. Halok bo‘lganlarning oilalariga 1 million rubl ($10 570) miqdorida yordam ko‘rsatiladi”, — deyiladi xabarda.

Qo‘shimcha qilinishicha, fojiadan bir necha kun o‘tib Dog‘istondagi jamg‘armalar halok bo‘lganlar va jarohatlanganlarning oilalariga yordam ko‘rsatish uchun 100 million rubldan ortiq mablag‘ yiqqan.

Fojiadan bir kun o‘tib, Mash nashri portlashda halok bo‘lganlarning faqat 7 nafariga tegishli jasad aniqlangani, ular orasida 1 nafar O‘zbekiston fuqarosi (1990-yilda tug‘ilgan) borligi haqida yozgandi.

Eslatib o‘tamiz, yonilg‘i quyish shoxobchasida sodir bo‘lgan portlash oqibatida 35 kishi halok bo‘lgan va 75 kishi jarohatlangan.

Portlash oqibatida 40 ta uy va mehmonxona zarar ko‘rgan, avtoservis va yonilg‘i quyish shoxobchasi vayron bo‘lgan. Keyinroq Melikov 400 dan ortiq bino vayron bo‘lganini ma’lum qilgan.