Toshkentda haydovchilar chorrahalar oldida to‘xtab turgan avtomobillar tufayli yo‘l harakati qoidalarini “buzganlik” uchun chorrahalardagi kameralarda yozib olingan jarimalardan norozi.

Kurbanoff.net blogi muallifi tomonidan bir nechta holatlar bo‘yicha xabar berilgan. “Avtostrada” sayti ham shu haqda yozmoqda va chorrahalardagi vaziyatlarni “tuzoq” deb atadi.

Ana shunday joylardan biri — M1 massividagi O‘zbekiston ovozi va Shastri (Sodiq Azimov) ko‘chalarining kesishgan joyi, bu yerda ko‘plab “qoidabuzarliklar” sodir etilgan.

O‘zbekiston ovozidan Sodiq Azimovga o‘ngga burilishda haydovchilar (asosan, kurerlar) deyarli doim mashinalarni chorrahaga juda yaqin joyga qo‘yadi, bu esa burilayotganlarni birinchi chiziqqa o‘tishi uchun uzluksiz chiziqni kesib o‘tishga majbur qiladi.

Shastridan O‘zbekiston ovoziga o‘ngga burilishda ham xuddi shunday holat. Bu yerda to‘xtash joyi noto‘g‘ri tashkil etilgan — to‘xtab turgan mashinalar orqaga qarab chiqib ketadi, bu esa qoidalarni buzmasdan chiziqqa chiqishni qiyinlashtiradi.

тошкент, йҳх

Muntazam navbatchilik qiladigan yo‘l harakati xavfsizlik xizmati xodimlari bu muammodan bexabar bo‘lishi mumkin bo‘lmasa-da, ularga e’tibor bermaydi. Tuman hokimligi ham hech qanday chora ko‘rmaydi. Ayni paytda, muammoni to‘xtash joylarini qayta tashkil etish, belgilar, ustunlar o‘rnatish, taqiqlovchi belgilar orqali hal qilsa bo‘ladi.

O‘zbekiston ovozi ko‘chasi ancha vaqtdan buyon o‘z-o‘zidan paydo bo‘ladigan ulkan avtoturargohga aylangan, bu erda davlat organlarining aralashuvisiz noqonuniy to‘xtash joylari yillar davomida “boshqarilib kelinmoqda”.

Yo‘l harakati qoidalari buzilishi ko‘proq qo‘shni chorrahalarda (Ekopark va “Bibigon” kafesi yonida) sodir bo‘lsa-da, biroq YHXX xodimlari muhokama qilinayotgan chorrahadan uncha uzoq bo‘lmagan Sodiq Azimov ko‘chasida turishni afzal ko‘radi.

Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari chorrahalarning oldidagi yo‘lak haydovchilarga ko‘proq jarima solinishi uchun ataylab to‘sib qo‘yilayotgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda. Ayni paytda buni tasdiqlashning hech qanday imkoni yo‘q.

“Men “biznesmenlar”ning bunday “tuzoq”lariga qarshiman. Maqsad qonunbuzarliklarning oldini olish, ularga imkoniyat yaratish emas”, — deb yozadi Kurbanoff.net blogi muallifi.

“Gazeta.uz” O‘zbekiston IIV YHXX va Mirzo Ulug‘bek tumani hokimligi matbuot xizmatlariga izoh so‘rab murojaat qildi.

YHXX matbuot xizmati ushbu masala bo‘yicha batafsil javob tayyorlanayotganini ma’lum qildi.

Tuman hokimligi ushbu holat yuzasidan poytaxt IIBB YHXB xodimlari bilan birgalikda surishtiruv ishlarini boshlaganini qayd etdi.

Belgilangan jarimalar bekor qilinadimi yoki jarimani to‘lab bo‘lgan haydovchilarga pul qaytariladimi — bu hozircha noma’lum.