22-avgust kuni OCHL saralashining pley-off bosqichi uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekistonning ikki jamoasi — “Navbahor” va OKMK Qatarda mos ravishda “Al-Vakra” va “Al-Arabi” jamoalariga qarshi maydonga chiqdi. Har ikkala o‘yin O‘zbekiston jamoalarining bir xil — 1:0 hisobidagi g‘alabalari bilan tugadi.

“Al-Vakra” — “Navbahor” uchrashuvida asosiy vaqtda hisob ochilmadi (80-daqiqada Qatar klubi futbolchisi Xolid maydondan chetlatildi). Namanganliklarga g‘alaba keltirgan yagona gol ekstra-taymda — 98-daqiqada Jahongir Abdumannopov hisobiga yozildi (jamoa a’zolari ushbu g‘alabani Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqovning tug‘ilgan kuniga bag‘ishlagan).

OKMK esa ispaniyalik hujumkor yarim himoyachisi Ruben Sanchesning 69-daqiqadagi aniq zarbasi evaziga g‘alabani qo‘lga kiritdi.

Shu tariqa Namanganning “Navbahor” va Olmaliqning OKMK jamoalari bir o‘yindan iborat saralash o‘yinlarida g‘alaba qozonib, OCHL guruh bosqichi yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Bungacha “Paxtakor” O‘zbekiston chempioni, “Nasaf” esa O‘zbekiston Kubogi sohibi sifatida guruh bosqichiga chiqib bo‘lgandi.

OCHL guruh bosqichiga qur’a tashlash marosimi 24-avgust, payshanba kuni Toshkent vaqti bilan 13:00 da Malayziyaning Kuala-Lumpur shahrida bo‘lib o‘tadi.

OCHL guruh bosqichiga chiqqan klublarning qur’a oldidan savatlar bo‘yicha taqsimoti. Illyustratsiya: O‘zPFLOCHL guruh bosqichiga chiqqan klublarning qur’a oldidan savatlar bo‘yicha taqsimoti. Illyustratsiya: O‘zPFL

Qur’a natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston klublari, xususan, so‘nggi vaqtlarda Krishtianu Ronaldu (“An-Nasr”), Karim Benzema (“Al-Ittihod”), Neymar (“Al-Hilol”) kabi jahon futboli yulduzlarini o‘z safiga qo‘shib olgan Saudiya Arabistoni jamoalari bilan bir guruhdan o‘rin olishi mumkin.

Guruh bosqichi o‘yinlari 18-sentabr — 13-dekabr sanalari oralig‘ida uy-safar tizimida o‘tkaziladi.