18-avgust kuni Samarqand shahrida fast fuddan zaharlangan 49 kishi viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizildi. Zamon axborot dasturida e’lon qilingan lavhaga ko‘ra, bemorlar xot dog yeganidan so‘ng sog‘lig‘ida o‘zgarish sezgan.

Zaharlanganlar orasida bir oilaning 4 nafar a’zosi bor. Ularning 3 nafari kechga yaqin ko‘ngil aynishi, tana harorati ko‘tarilishi ortidan shifoxonaga murojaat qilgan.

“Tush vaqti oilaviy borib, 2 nabiram bilan o‘sha yerdan xot dog yedik. Kechqurunga borib bolalarda temperatura, qayt qilish va ich ketish [kuzatildi]. Yuqumli kasalliklar shifoxonasiga kelganimizda bu yerda juda ko‘p odam bor ekan”, — deya ta’kidladi bemorlarning buvisi.

Uning ta’kidlashicha, kasallanganlar bir joydan ovqatlanganini bildirgan.

“Bolamning ishtahasi yaxshi emasdi. Fast fuddan taom yeymiz, deganiga pul berib yuborgandik. O‘sha kuni kechqurun ketgan bo‘lsa, kechasi uning mazasi bo‘lmay isitma qila boshladi. O‘zim unga qaradim. Lekin ertasi kuni yana isitmasi chiqdi. Ikkinchi kuni tana harorati 41 darajaga ko‘tarilib ketdi. Qo‘rqib olib keldik”, — deydi yana bir bolaning onasi.

“Bemorlarning 29 nafariga uyga javob berilgan, qolgan 20 nafari muolaja olmoqda. Ahvollari yaxshi. Kelayotganlar ham 1−2 kun ichida yaxshilanib ketadi”, — dedi shifokor Sa’dulla Vafoqulov.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi bosh mutaxassisi Abdurahmon Ismoilovning ta’kidlashicha, xot dog ichiga solingan sabzi salati uyda tayyorlangan bo‘lib, oshxona ana shu mahsulotdan foydalanib kelgan. Fast fud faoliyati hozircha to‘xtatilgan. Xot dogga solingan mahsulotlar namunalari o‘rganish uchun viloyat SESga topshirildi.

Tekshirish davomida savdo shoxobchasida texnologik ehtiyojlar uchun ishlatilayotgan ish anjomlari markirovkalanmaganligi, idish yuvish xonasi sanitariya qoida va me’yorlarga zid ravishda tashkil etilganligi hamda savdo shoxobchasida xavfsizligi kafolatlanmagan uy sharoitida tayyorlangan salatlarni ishlatilishiga yo‘l qo‘yilganligi aniqlandi.

Bu esa “Umumiy ovqatlanish korxonalariga qo‘yiladigan gigiyenik talablar to‘g‘risida”gi 0027−22-sonli SanQvaMni hamda “Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risida”gi qonunning 24-moddasi, “Oziq-ovqat mahsulotlarining sifati va xavfsizligi to‘g‘risida”gi qonunni 14-moddasi talablari buzilganligini ko‘rsatadi.

Aniqlangan kamchiliklar yuzasidan “Bir zumda” nomli savdo shoxobchasining ish faoliyati 18-avgustdan vaqtincha to‘xtatilgan va korxona rahbari A.A.ga ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.