Rossiyaning “Yandeks” kompaniyasi yandex.kz domeniga xizmat ko‘rsatuvchi serverlarni Qozog‘istonga o‘tkazadi. Bu haqda Qozog‘iston Raqamli rivojlanish, innovatsiyalar va aerokosmik sanoat vazirligiga tayanib, Nur.kz xabar berdi.

Nashrning yozishicha, bir necha kun oldin vazirlik rahbariyati “Yandeks” vakillari bilan uchrashib, Qozog‘iston fuqarolarining shaxsiy ma’lumotlarini himoya qilishni masalasini muhokama qilgan va mamlakatda serverlarni joylashtirish rejasini ishlab chiqishga kelishib olgan.

“Hamkorlik va milliy raqamli resurslarni mustahkamlash istagi doirasida „Yandeks“ yandex.kz domeniga xizmat ko‘rsatuvchi serverlarni mamlakatga o‘tkazish bo‘yicha ishlarni davom ettirishga tayyorligini tasdiqladi — bu „Yandeks Go“ xizmati uchun allaqachon qilingan”, — deyiladi Nur.kz keltirib o‘tgan vazirlik xabarida.

Eslatib o‘tamiz, 9-avgust kuni yandex.kz domenining faoliyati “internet-resursni Qozog‘iston Respublikasi hududidan tashqaridagi apparat-dasturiy ta’minot tizimlariga joylashtirgani uchun” to‘xtatilgan edi. Raqamli rivojlanish vazirligi bu bilan Rossiya kompaniyasi mamlakat qonunlarini buzayotganini ta’kidlab o‘tdi.

Bunga javoban “Yandeks” Qozog‘iston qonunchiligiga rioya qilishga tayyorligini ma’lum qilib, Raqamli transformatsiyalar vazirligidan domenni mamlakatga o‘tkazish muddatlarini uzaytirishni so‘radi. Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, Qozog‘istonda uning xizmatlaridan har oy 10 millionga yaqin kishi foydalanadi.

Yandex.kz saytining yopilishi Meduza tomonidan “Yandeks Go” taksi xizmatidan olingan barcha ma’lumotlar Rossiya ma’lumotlar markazlarida saqlangani haqidagi surishtiruvi e’lon qilinganidan so‘ng sodir bo‘ldi. 1-sentabrdan boshlab, RFning yangi qonuniga ko‘ra, FSB ularga kirish huquqini olishi kerak. “Yandeks.Taksi” Rossiya huquq-tartibot idoralari xizmatga so‘rov orqali foydalanuvchilarning Rossiyadan tashqaridagi safarlari haqidagi ma’lumotlarni olish imkoniga ega emasligini ma’lum qildi.