20-avgustdan boshlab O‘zbekiston va Vengriya o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yildi, deya xabar bermoqda Transport vazirligi matbuot xizmati.

Toshkent — Budapesht yo‘nalishida harakatlangan ilk parvozda yo‘lovchilar bilan birga O‘zbekiston aviatsiya ma’muriyati vakillari delegatsiyasi ham Vengriyaga bordi. Ilk reys Ferens List nomidagi xalqaro aeroportda kutib olindi. Tashrif davomida Vengriya fuqaro aviatsiya boshqarmasi bosh direktori Mate Louinger bilan muzokaralar o‘tkazildi, deyiladi vazirlik xabarida.

Toshkent — Budapesht o‘rtasidagi muntazam aviaqatnovlar Qanot sharq aviakompaniyasi tomonidan haftada bir marotaba amalga oshiriladi. Reyslar Airbus A-320 havo kemasida bajariladi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Vengriya bosh vaziri Viktor Orbanning taklifiga ko‘ra 19−20-avgust kunlari amaliy tashrif bilan Budapesht shahrida bo‘ldi.