Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyevning taklifiga binoan 22−23-avgust kunlari davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatda bo‘ladi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.

Tashrif dasturida oliy darajadagi muzokaralar hamda ikki mamlakat yetakchilari ishtirokidagi boshqa tadbirlar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.

Kun tartibidan O‘zbekiston-Ozarbayjon strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va ustuvor yo‘nalishlardagi amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari o‘rin olgan, deyiladi xabarda.

Muzokaralar yakunida ikki tomonlama bitimlar qabul qilinishi rejalashtirilgan.

Davlat rahbari so‘nggi bor shu yilning mart oyi boshida ushbu davlatga amaliy tashrif bilan borgandi. O‘zbekiston prezidenti Bokuda o‘tkazilgan Qo‘shilmaslik harakati sammitidagi nutqida tashkilot a’zolarining BMT Xavfsizlik kengashida doimiy o‘rni bo‘lishi kerakligi haqida gapirgan.