16-avgust kuni Issiqko‘l viloyatining Cho‘lponota shahrida O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo qo‘shma komissiyaning o‘ninchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishni O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov va Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi raisi — prezident administratsiyasi rahbari Akilbek Japarov olib bordi.

Ikki davlat hukumat delegatsiyalari savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va gumanitar sohalardagi hamkorlik masalalarini muhokama qildi, deb xabar qildi Qirg‘iziston hukumati matbuot xizmati.

абдулла арипов, қирғизистон

Foto: Qirg‘iziston hukumati axborot xizmati

O‘zaro tovar ayirboshlash hajmi yildan-yilga barqaror o‘sib bormoqda. 2023-yilning birinchi besh oyida tovar ayirboshlash hajmi 13,3 foizga o‘sib, 215,8 million dollarni tashkil etdi, deyiladi xabarda.

Tomonlar bu ko‘rsatkichni 2 milliard dollarga yetkazish imkoniyati mavjudligini ta’kidladi, deb xabar qildi O‘zbekiston hukumati matbuot xizmati. Bunday rejalar haqida avval ham xabar qilingan.

O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 2022-yilda 1,26 mlrd dollarni tashkil etgan bo‘lsa, undan bir yil avval 953,6 mln dollar bo‘lgan.

Uchrashuvda O‘zbekiston-Qirg‘iziston taraqqiyot jamg‘armasi ishtirokidagi sanoat kooperatsiyasi, energetika, suv xo‘jaligi, transport va logistika, turizm va sport sohalarida hamkorlik qilish masalalari muhokama qilindi.

Noyabr oyida O‘zbekistonda Qirg‘iziston madaniyati kunlari doirasida atoqli yozuvchi Chingiz Aytmatov tavalludining 95 yilligini nishonlash rejalashtirilmoqda.