8-avgust kuni Chelak shahar shifoxonasida bo‘lib o‘tgan Payariq tuman sudining sayyor sud majlisida fevral oyida o‘zining ikki hamkasbini kaltaklagan hamshira ishi ko‘rib chiqildi. Bu haqda Samarqand viloyat sudi matbuot xizmati “Gazeta.uz”ga ma’lum qildi.

Sudlanuvchi aybdor deb topilib, bir yilga ozodlikdan mahrum etildi. “Hukm kuchga kirgani yo‘q, ayblanuvchi uning ustidan shikoyat qilish huquqiga ega”, — deya qayd etdi matbuot xizmati “Gazeta.uz”ga.

Eslatib o‘tamiz, hamshiralar o‘rtasidagi tortishuv oilaviy janjal tufayli kelib chiqqan va mushtlashuvga aylanib ketgan. A.N. boshqa bir hamshira B.Sh. va shu shifoxonada kichik feldsher bo‘lib ishlayotgan onasi M.D.ni choynak bilan urib yuborgan.

Mazkur holat yuzasidan A.N.ga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 109-moddasi ikkinchi qismi (sog‘liqning qisqa vaqtga yomonlashuviga sabab bo‘lgan qasddan badanga yengil shikast yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.