Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov “Kabar” milliy axborot agentligiga bergan intervyusida Issiqko‘l sohilidagi to‘rtta pansionatning 49 yil muddatga O‘zbekistonga berilishi yuzasidan izoh berdi. “Kabar” ma’lumotiga ko‘ra, bu haqdagi xabar “ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining noroziligiga sabab bo‘lgan”.

Ma’lumot uchun: Pansionatlar (“Enesay”, “Bosteri”, “Roxat” va “Buston”) O‘zbekiston davlat kompaniyalariga tegishli bo‘lgan, biroq 2016-yilda Qirg‘izistonning sobiq bosh vazir Temir Sariyev boshchiligidagi hukumati ularni milliylashtirgan. O‘zbekiston bunga javoban xalqaro arbitrajga da’vo arizasi bilan chiqdi.

Japarov o‘z intervyusida Sariyevning qarori “ko‘proq populizmga o‘xshashi”, “arxiv hujjatlarini o‘rganib, bu obyektlarning kelajagi haqida o‘ylash” zarurligini aytdi. “Agar bunday harakat bilan xalqaro sudda yutqazmasligimizga kafolatlar bo‘lsa, o‘rinli bo‘lardi”, — dedi u.

Shu yilning may oyida xalqaro arbitraj O‘zbekiston foydasiga qaror chiqargan va Qirg‘izistonga 40 mln dollardan ortiq tovon puli to‘lash majburiyatini yuklagan.

“Biz O‘zbekiston tomoni bilan muzokaralar o‘tkazdik va obyektlarni 49 yilga ijaraga berishimiz, ular esa ularni to‘rt-besh yulduzli mehmonxonalar darajasiga ko‘tarishlari haqida kelishib oldik: ularga taqdim etilgan summani to‘lashga imkonimiz yo‘q”, — dedi Qirg‘iziston rahbari.

“Ushbu pansionatlarning bugungi holati havas qilarli darajada emas: ular shu qadar eskirganki, ularni allaqachon omborxona deb atash mumkin. Yaqin 15−20 yil ichida o‘zimiz ularni modernizatsiya qilishga sarmoya kirita olmaymiz, chunki bizda juda ko‘p boshqa muhim kamchiliklar mavjud. Ularni tuzatmas ekan, pansionatlar haqida gap bo‘lishi mumkin emas”, — deya qo‘shimcha qildi u.

Sadir Japarovning so‘zlariga ko‘ra, bu pansionatlar hozirgi ko‘rinishida “40 mln dollarni u yoqda tursin, 4 mln dollarga ham hech kim sotib olmaydi”.

“5−10 yilga ijaraga berish mumkin edi, deyish jaholatdan, chunki faqat to‘rt-besh yulduzli mehmonxonalar qurilishiga mana shu 5−10 yil kerak bo‘ladi. Shuning uchun hech bir davlat o‘z investitsiyalarini to‘lash kafolatisiz bunchalik ko‘p mablag‘ kiritishga rozi bo‘lmaydi”, — dedi Qirg‘iziston prezidenti.

O‘sha suhbatda Japarov Kampirobod suv omborining bir qismi O‘zbekistonga o‘tkazilgani, bu Qirg‘izistonda mitinglarga sabab bo‘lganini ham tilga oldi. O‘tgan yilning oktabr oyida Bishkekda suv omborini topshirishga qarshi bo‘lgan 20 dan ortiq odam hibsga olingan va ulara ommaviy tartibsizliklarga tayyorgarlik ko‘rganlikda ayblangan edi.

“Kampirobodni berib yuborishdi deb karnay-surnay chalayotganlarni johil deyish mumkin. Kampirobod hech kimga berilgani yo‘q, aksincha, olindi. Biz uni teng asosda boshqarish haqida shartnoma tuzdik va o‘zimiz uchun 50% oldik. Avvallari unga 50 metr ham yaqinlashishga qo‘yishmasdi, to‘g‘rimi? Biz har bir qarorimiz va harakatimiz uchun, hatto 50 yildan keyin ham, qizarib ketmasdan javob berishga tayyormiz. Faoliyatimiz to‘liq va to‘liq xalq manfaatiga qaratilgan”, — dedi Qirg‘iziston rahbari