18-avgust kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi Hindistonning Marion Biotech farmatsevtika kompaniyasi dori vositalari, jumladan “Dok-1 Maks” yo‘tal siropini iste’mol qilish oqibatida kamida 65 nafar bolaning o‘limi bilan bog‘liq jinoyat ishini ko‘rib chiqishni davom ettirdi. “Gazeta.uz” 16-avgust kungi sud haqida yozgandi.

Navbatdagi sud avvalida ayblanuvchilarning advokatlari yana bir bor OAV vakillari faoliyatiga e’tiroz bildirib, ularni sud zalidan chiqarib yuborishni so‘radi, deb yozmoqda “Daryo”. Mazkur taklifni barcha ayblanuvchilarning advokatlari qo‘llab-quvvatlab, mavzu doirasidagi xabarlar izohida advokatlar sha’niga to‘g‘ri kelmaydigan gaplar yozilayotganini aytib, “buni tartibga olish kerak”, dedi.

Sudya Muso Yusupov mazkur iltimosnomaga javob qaytarar ekan bu kabi noto‘g‘ri ma’lumotlar sudda ishtirok etmaganlar tomonidan sudda ishtirok etgan jurnalistlar axborotini noto‘g‘ri talqin qilinishi oqibatida chiqib ketayotganini ta’kidladi.

“Shunga e’tibor berishingizni va advokat sifatida sha’nim, qadr-qimmatim degan gapni aytmasligingizni so‘ragan bo‘lardim. Boisi, siz ayblanuvchilarni himoya qilib, advokatlik ishingizni bajaryapsiz. Ayblanuvchilarni siz himoya qilmasangiz, davlat tomonidan beriladigan advokatlar himoya qiladi. Sudda ayblanuvchilarning advokati bo‘lishi shart, boisi advokat oqlovni, prokuror esa qorolovni amalga oshiradi. Shuni tushunmayotgan yurtdoshlarimizga shu yerda o‘tirgan rasmiy OAV vakillari to‘g‘ri tushuntirasiz degan umiddamiz”, — dedi sudya.

“Gazeta.uz” yozganidek, advokatlar sud jarayonini yoritishda aybsizlik prezumpsiyasiga rioya qilmagani uchun ayrim nashrlar jurnalistlarini sud zalidan chiqarishni so‘ragan. Sudya bu iltimosnomalarni rad etgan. Sud sudlanuvchilar advokatlarining iltimosi bilan “Gazeta.uz” tomonidan efirga uzatilgan sud zalidan jonli efirni taqiqlagandi.

Jurnalistlar, shuningdek, sudlanuvchilarning ism-shariflarini to‘liq yozmay, faqat bosh harflaridan foydalanmoqda, chunki advokatlar sudlanuvchilarning yuzlarini OAVda ko‘rsatmaslik va ism-shariflarini ochiqlamaslikni so‘ragan. Biroq sudlanuvchilarning ism-shariflari Oliy sud veb-saytida mavjud va ular avvalroq ommaviy axborot vositalarida ham tilga olingan.