O‘zbekistonda tadbirkorlar endilikda kameral nazorat vaqtida hujjatlarni taqdim etishi yoki soliq idorasiga borishi shart emas. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev 18-avgust kuni ishbilarmonlar bilan uchrashuvda ma’lum qildi, deb xabar bermoqda “Gazeta.uz” muxbiri.

“Kameral nazorat soliqchilarning quroli emas, balki tadbirkorga xatosini ko‘rsatib, uni to‘g‘rilashga yordam beradigan jarayon bo‘lishi zarur. Hozirda esa kameral nazorat to‘laqonli soliq tekshiruviga aylanib ketgani sir emas. Bu esa korrupsiyaga yo‘l ochib beryapti… Endi kameral nazoratda tadbirkordan hujjat talab qilish yoki uni idoraga chaqirishni qat’iy taqiqlaymiz”, — dedi u.

Unga ko‘ra, umuman olganda, soliq idoralari xodimlari dunyoqarashini o‘zgartirishi, “mahallalardagi katta imkoniyatlarni ishga solishi”, tadbirkorlarga faqatgina sharoit yaratib berishi kerak.

“Bo‘lmasa, biz soliq tizimini ham o‘zgartirishga majbur bo‘lamiz, sababi mana shu og‘ir zamonda biz halol va pok ishlagan tadbirkorlarga yordam berishimiz kerak. Lekin tadbirkorlar ham qars ikki qo‘ldan chiqishini unutmasligi kerak”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Bundan tashqari, viloyatlar va shaharlar bo‘yicha soliq organlari faoliyatini baholash platformasini yaratish rejalashtirilmoqda. Ularning ishi tadbirkorlar tomonidan baholanadi.

“Bu degani, sizlar ham endi qo‘rqmasdan, davlat rahbari aytgan natijalarga erishish uchun tumanlaringizdagi soliqchilarga, tadbirkorlik muhitiga ochiq baho berasizlar. Siz platforma orqali aytasizlar: „Men noroziman, bu erda poraxo‘rlar bor, bu yerda guruhlar bor…“ Qars ikki qo‘ldan chiqadi, deb bekor aytganim yo‘q. Bu illatni yo‘q qilish oson emas. Buni birgalikda yo‘q qilishimiz mumkin”, — dedi prezident.

Shuningdek, hozirda soliqqa oid bitta huquqbuzarlik uchun tadbirkor sifatida moliyaviy jarima, jismoniy shaxs sifatida ma’muriy jarima qo‘llanmoqda. Bunday amaliyot bekor qilinishi ta’kidlandi.

Tadbirkorlarga qo‘llanayotgan jarimalar ular faoliyatining to‘xtab qolishiga sabab bo‘lmasligi zarurligi qayd etildi. Shu nuqtai nazardan 3 oyda barcha moliyaviy sanksiyalar qayta ko‘rib chiqilib, adolatli me’yorlar belgilanadi.

Avvalroq prezident 1-oktabrdan QQSni qaytarishda soliq uzilishi koeffitsiyenti (tax gap) bekor qilinishini bildirgandi, so‘rovda qatnashgan tadbirkorlarning 70 foizi buni adolatsiz deb hisoblaydi. “Kudbiyev, bu senga va tizimingga baho”, — degan u. QQS guvohnomasining amal qilishini to‘xtatib turish ham bekor qilinadi.

Kameral nazorat — davlat soliq xizmati organlarida mavjud bo‘lgan moliyaviy va soliq hisobotlarini, shuningdek, soliq to‘lovchining faoliyatiga oid boshqa hujjatlarni o‘rganish va tahlil qilishdir. Ya’ni bu soliq xizmati yoki boshqa davlat organlariga taqdim etilgan hujjatlar yordamida tashkilotni nazorat qilish. Bunda tekshirish soliq organlarida soliq to‘lovchi tashrifisiz o‘tkazilishi kerak.