“Uzbekistan Airports” kompaniyasi “Toshkent-3” mahalliy aviaqatnovlar terminali oldidagi maydonni rekonstruksiya qilishni boshlaganini ma’lum qildi. “Gazeta.uz” muxbiri bino oldidagi panjara demontaj qilingani, to‘siq olib tashlangani va ta’mirlash ishlari davom etayotgani haqida xabar bermoqda.

Loyihaga ko‘ra, avtotransport vositalarining terminal oldiga kirishi soddalashtiriladi. Uchta alohida yo‘lak ajratiladi: aeroportning rasmiy taksilari, sayyohlik avtobuslari va mikroavtobuslar, shuningdek, hududga 5 daqiqagacha kirishga ruxsat berilgan barcha avtomobillar uchun.

Avtomobillarning odamlarni kutib olish va kuzatish yo‘lagi xalqaro aviaqatnovlar terminalidagi yo‘l o‘tkazgich (estakada) tamoyili asosida ishlaydi. Avtomobilning yo‘lakda turish vaqti 5 daqiqadan oshib ketgan taqdirda, o‘rnatilgan va YHXB bilan integratsiyalashgan kameralar qoidabuzarlarga avtomatik ravishda jarimalar yuboradi.

Vokzal maydonini rekonstruksiya qilish ishlari Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 17-apreldagi 159-sonli “Aeroportlar, temir yo‘l va avtovokzallarda xizmat ko‘rsatish sifatini oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida amalga oshirilmoqda. Rekonstruksiya ishlarini joriy yilning avgust oyi oxirigacha yakunlash rejalashtirilgan.

2024-yilning 1-yanvariga qadar O‘zbekistondagi barcha xalqaro aeroportlarda ham terminal atrofi hududlarini rekonstruksiya qilish ishlari amalga oshiriladi, deyiladi xabarda.

Yaqinda “Gazeta.uz” shaharsoz Iskandar Soliyev ishtirokida Toshkent aeroporti xalqaro terminali yonidagi ochiq maydon qanchalik noqulay ekani haqida reportaj tayyorlagandi.