AQSh Moliya vazirligining Xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi (OFAC) Qozog‘istonda ro‘yxatdan o‘tgan Defense Engineering kompaniyasini sanksiyalar ro‘yxatiga kiritdi. AQSh Moliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, u Shimoliy Koreyadan Rossiyaga qurol-yarog‘ yetkazib berishni tashkil etishga uringan sanksiyalarni aylanib o‘tish tarmog‘i bilan bog‘langan.

“Mazkur choralar Rossiyaning Ukrainaga qarshi shafqatsiz urushini qo‘llab-quvvatlashga intilayotgan uchinchi davlatlarning harakatlarini aniqlash, fosh qilish va barbod qilish bo‘yicha AQSh strategiyasining bir qismidir. Rossiya [Ukrainadagi] jang maydonlarida o‘q-dorilarni isrof qilishda va og‘ir texnikani yo‘qotishda davom etar ekan, mamlakat sababsiz urushni davom ettirish uchun o‘zining bir nechta hamkorlariga, shu jumladan KXDRga murojaat qilishga tobora ko‘proq majbur bo‘lmoqda”, — deyiladi OFAC matbuot bayonotida.

Shuningdek, Rossiya va Slovakiyaning “Verus” va Versor S.R.O kompaniyalariga nisbatan ham sanksiyalar joriy etildi.

Har uchala kompaniya Rossiya va Shimoliy Koreya o‘rtasidagi qurol-yarog‘ savdosiga ko‘maklashishga uringani uchun mart oyida AQSh sanksiyalari ostida qolgan Slovakiya fuqarosi Ashot Mkrtychev bilan bog‘langan.

Kompaniyalar, tashkilot ma’lumotlariga ko‘ra, KXDR va Rossiya rasmiylari bilan muzokaralar chog‘ida Rossiyaga bir qator tovarlar, jumladan, xom ashyo va tovarlar evaziga yigirmadan ortiq turdagi qurol-yarog‘ va o‘q-dorilarni topshirishni tashkil etishni rejalashtirgan.

Bu Markaziy Osiyo kompaniyalari Rossiya bilan hamkorlik qilgani uchun AQShning sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan birinchi holat emas. Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSh moliya vazirligi Qirg‘izistonda ro‘yxatdan o‘tgan to‘rtta korxonaga nisbatan Rossiyaga taqiqlangan mahsulotlar yetkazib bergani uchun sanksiyalar joriy etgan edi.

O‘zbekiston korxonalari va fuqarolari ham Rossiyaga savdo cheklovlarini chetlab o‘tishda yordam bergani uchun AQSh sanksiyalariga kiritilgan.