15-avgust kuni Vashingtonda O‘zbekiston raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov va AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) administratori o‘rinbosari Izabel Koulman ikki tashkilot o‘rtasidagi anglashuv memorandumini imzoladi.

USAID xabariga ko‘ra, memorandum doirasida AQSh agentligi “Raqamli O‘zbekiston-2030” strategiyasini amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlaydi. USAID, shuningdek, yoshlar va ayollarni IT sohasiga jalb qilish, texnik ta’lim muassasalarini o‘zaro bog‘lash, xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash va IT sohasidagi boshqa tashabbuslarda ishtirok etish orqali mamlakatda axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohalarini rivojlantirishga ko‘maklashadi.

Sherzod Shermatov va Izabel Koulman muzokaralarda O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi hamkorlik, IT sohasini qo‘llab-quvvatlash, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, xususiy sektorni mustahkamlash masalalarini muhokama qildi.

шерзод шерматов, usaid, raqamli texnologiyalar vaзирлиги, Raqamli O‘zbekiston — 2030

“Raqamli O‘zbekiston-2030” strategiyasi prezident Shavkat Mirziyoyevning 2020-yil oktabrdagi farmoni bilan tasdiqlangan. U mamlakatda raqamli sanoatni jadal rivojlantirish va milliy iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirishga qaratilgan bo‘lib, hududlar va tarmoqlarni raqamli transformatsiya qilish dasturlarini o‘z ichiga oladi.

Strategiyani amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” elektron hukumatni rivojlantirish, raqamli sanoat, raqamli ta’lim va raqamli infratuzilma sohalaridagi maqsadlarni qamrab olgan.

Vazirlik va USAID o‘rtasida memorandum imzolanishidan avval 2021-yilda USAID`ning O‘zbekistondagi missiyasi tomonidan keng masshtabda Raqamli ekotizimni baholash (Digital Ecosystem Country Assessment, DECA) ishlari o‘tkazilgan. Bu agentlik 2020−2024-yillarga mo‘ljallangan birinchi Raqamli strategiyani qabul qilganidan beri USAID tomonidan o‘tkazilgan birinchi shunday baholash bo‘lgandi.