Xitoy Milliy statistika byurosi yoshlar o‘rtasidagi ishsizlik darajasi haqidagi ma’lumotlarni chop etishni to‘xtatishini e’lon qildi. Bu ushbu ko‘rsatkich rekord darajaga ko‘tarilganidan keyin sodir bo‘ldi, deya xabar bermoqda BBC.

“Iqtisodiyot va jamiyat doimo rivojlanib, o‘zgarib bormoqda. Statistik faoliyat ham doimiy ravishda takomillashishga muhtoj”, — deya tushuntirdi byuro matbuot kotibi Fu Linxuey.

Iyun oyida shaharlarda yashovchi 16 yoshdan 24 yoshgacha bo‘lgan yoshlar o‘rtasidagi ishsizlik rekord darajadagi 21,3 foizga yetgan edi. Iyulda ham mamlakatdagi umumiy ishsizlik darajasi 5,2 foizdan 5,3 foizga ko‘tarildi.

BBC rus xizmatining qayd etishicha, Xitoy hukumati pandemiya davrida o‘lim haqidagi ma’lumotlarni nashr etishni to‘xtatgan, ammo iqtisodiy ko‘rsatkichlar ilgari yashirilmagan.

The New York Times gazetasi Xitoy hukumati yoshlar bandligini oshirish bo‘yicha choralar ko‘rgani, biroq “iqtisodiy javob sekin bo‘lgan”ini yozdi. Xususan, hokimiyat shaharlarda bandlikning 80 foizini ta’minlaydigan xususiy kompaniyalarga subsidiyalar taklif qilgan.

Nashrning izoh berishicha, bugungi kunda Xitoyda yoshlar ishchi kuchiga bo‘lgan talab va taklif o‘rtasida katta tafovutga duch kelishmoqda. Koronavirusga qarshi kurash bo‘yicha qat’iy choralar, shuningdek, hukumatning korxonalarga bosimi ommaviy ishdan bo‘shatishga olib keldi. Shuningdek, xitoylik bitiruvchilar odatda boradigan texnologiya, ko‘chmas mulk, ta’lim va ko‘ngilochar kompaniyalarning kengayishi shubha ostiga qo‘yildi.

Xitoy iqtisodiyotining so‘nggi ko‘rsatkichlari uning o‘sish sur’ati pasayganidan dalolat beradi, deb yozadi The Guardian. Iste’molning asosiy ko‘rsatkichi bo‘lgan chakana savdo tahlilchilar kutganidan past bo‘lib, iyul oyida o‘tgan yilning shu davriga nisbatan atigi 2,5 foizga o‘sgan.

Gazetaning qayd etishicha, bunday ma’lumotlar Xitoyning joriy yil uchun belgilangan 5 foizlik o‘sish ko‘rsatkichiga erishishda qiyinchiliklarga duch kelishi mumkinligini ko‘rsatadi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, dunyoning ikkinchi yirik iqtisodiyoti 2023-yilning birinchi va ikkinchi choraklari orasida atigi 0,8 foizga o‘sgan.