Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 21-apreldagi “Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash sohasiga xususiy sektorni jalb etishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga o‘zgartirishlar kiritildi, deb xabar bermoqda O‘zA.

Endilikda tizimga yuborilgan ma’lumotlardagi xatoliklarning umumiy soni 5 va undan ortiq foizni tashkil etgan taqdirda, tadbirkorlik subyektining obyektga nisbatan bo‘lgan mulk huquqi bekor qilinadi. Kameralarga egalik huquqidan mahrum qilish to‘g‘risidagi qaror sud tomonidan qabul qilinadi.

Bundan tashqari, hujjatga ko‘ra, endilikda tadbirkorlik subyektlari tomonidan avtomobil yo‘llarida yo‘l harakati qoidalari buzilganini maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalarini o‘rnatish va ishga tushirish muddatini 60 kundan 180 kunga uzaytiriladi.

Biroq tadbirkor auksionda g‘olib bo‘lgani to‘g‘risidagi bildirishnomani olgan kundan boshlab 90 kun ichida obyektda dasturiy-texnik vositalarni o‘rnatish bilan bog‘liq biror-bir harakat (qurilish-montaj ishlari)ni amalga oshirmasa, kelishuv sud orqali bekor qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, tadbirkorlik subyektlariga 2021-yil 1-martdan boshlab yo‘llarga kameralar va radarlar o‘rnatishga ruxsat berilgandi. Yer uchastkalarini ajratish onlayn auksionlar orqali aniqlanadi. G‘oliblar boshqa tadbirkorlarga o‘tkazish huquqi bilan cheklanmagan muddatga joy oladi.

Spot nashrining yozishicha, 2021−2022-yillarda auksionda bunday lotlar narxi ba’zan o‘nlab yoki yuzlab marta oshgan. 2021-yil iyul oyida Xorazmdagi uchastka 40 million so‘mga yoki boshlang‘ich bahosidan 27 barobar qimmatroqqa sotib olingan bo‘lsa, bir oy o‘tib ikki kompaniya Toshkentdagi bir nuqta uchun 3,5 milliard so‘m taklif qilgan.

2022-yil fevral oyida onlayn savdolarda poytaxtdagi 92 ta kamera va radar joylari sotildi. Lotlarning umumiy yakuniy qiymati 66,61 mlrd so‘mni tashkil etdi, bu boshlang‘ich narxlardan 168 barobar qimmatroq.