Rossiya qamoqxonalarida jazo muddatini o‘tayotgan 100 ga yaqin Tojikiston fuqarosi Ukrainadagi urushga jo‘natilgan. Bu haqda Tojikiston ichki ishlar vaziri Ramazon Rahimzoda bayonotiga asoslanib, Asia-Plus xabar berdi.

Shu bilan birga, Tojikiston Ichki ishlar vazirligi rahbari Rossiya Tojikistonga bu masala bo‘yicha ma’lumot bermayotgani, sababi davlatlar o‘rtasida bunday ma’lumotlar almashinuvi bo‘yicha kelishuv mavjud emasini ta’kidladi. Xabarda ushbu fuqarolarning taqdiri haqida ma’lumot keltirilmagan.

Avvalroq BBC rus xizmati Ukrainadagi urushda Rossiya tomonida kamida 93 nafar Markaziy Osiyo davlatlarining fuqarosi halok bo‘lganini ma’lum qilgan: Qirg‘izistondan 19 nafar, O‘zbekistondan 34 nafar va Tojikistondan 40 nafar. Ularning barchasi Rossiya qamoqxonalaridan, asosan, Vagner xususiy harbiy kompaniyasidan yollangan.

Tojikistonlik huquq himoyachisi Karimjon Yorovning yanvar oyida “Nastoyasheye vremya” telekanaliga bergan intervyusida Rossiya qamoqxonalaridagi tojikistonliklar va ularning yaqinlaridan 200−250 ga yaqin murojaat kelib tushganini, ularni urushga jalb qilishga urinish haqida xabar berganini aytgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyada jami 10 ming nafar Tojikiston fuqarosi qamoqda saqlanmoqda.

Tojikiston Mehnat, migratsiya va bandlik vazirligi fevral oyida Rossiya qamoqxonalarida saqlanayotgan mamlakat fuqarolarining o‘zlari Ukrainaga qarshi urushda qatnashish bo‘yicha shartnoma imzolayotganini ma’lum qilgandi.