2022-yilda O‘zbekiston konsolidatsiyalashgan budjet taqchilligining katta qismi ichki va tashqi qarz mablag‘lari hisobiga qoplandi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi e’lon qilgan “Fuqarolar uchun budjet” axborot nashrining 2022-yilgi budjet ijrosi bo‘yicha sonida ma’lumot berildi.

Unga ko‘ra, 2022-yil yakuni bilan konsolidatsiyalashgan budjet taqchilligi 35,2 trln so‘mni (yalpi ichki mahsulotga nisbatan 4 foizni) tashkil etdi. Taqchillikning 2022-yil boshida rejalashtirilgan 25,5 trln so‘m yoki YAIM ning 3,0 foizi miqdoridan oshishi asosan ijtimoiy soha, iqtisodiyot va aholini qo‘llab-quvvatlash hamda ijtimoiy va ishlab-chiqarish infratuzilmasiga investitsiya xarajatlarining oshishi bilan izohlangan.

budjet дефицити, davlat aktivlarini xususiylashtirish, davlat g‘aznachilik obligatsiyalari, еврооблигация, ichki qarz, tashqi qarz

Konsolidatsiyalashgan budjet taqchilligini qoplash uchun quyidagi manbalar yo‘naltirilgan:

Tashqi manbalar:

  • xalqaro moliya institutlarining qarz
    mablag‘lari va yevroobligatsiyalar chiqarish
    hisobidan — 16 trln 668 mlrd so‘m;
  • Davlat dasturlari ijrosi uchun jalb qilingan
    qarz mablag‘lari — 5 trln 733 mlrd so‘m;

Ichki manbalar:

  • yil boshiga qoldiq mablag‘lari hisobidan — 1 trln 949 mlrd so‘m;
  • davlat aktivlarini xususiylashtirish hisobidan tushumlar — 4 trln 500 mlrd so‘m;
  • davlat g‘azna obligatsiyalarini chiqarish hisobidan — 6 trln 379 mlrd so‘m.

Konsolidatsiyalashgan budjet taqchilligining 78 foizi ichki va tashqi qarz hisobidan qoplangan, 22 foizini qoplash uchun esa yil boshidagi qoldiq mablag‘ va davlat aktivlarini xususiylashtirishdan kelib tushgan pullar yo‘naltirilgan.

budjet дефицити, davlat aktivlarini xususiylashtirish, davlat g‘aznachilik obligatsiyalari, еврооблигация, ichki qarz, tashqi qarz

Ma’lumot o‘rnida, davlat g‘aznachilik obligatsiyalari — bu aholi va yuridik shaxslarga sotiladigan va bu qimmatli qog‘ozlarga egalik qilish muddati davomida qat’iy belgilangan daromad olish huquqini beradigan davlat qimmatli qog‘ozlari hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, 2022-yil yakuniga ko‘ra jami davlat qarzi 29,2 mlrd dollarni (yiliga +2,9 mlrd dollar) yoki YAIMga nisbatan 36,2 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2023-yil yakuniga ko‘ra bu ko‘rsatkich 32,1 mlrd dollar (YAIMga nisbatan 35,7 foiz) bo‘lishi prognoz qilinmoqda.