Jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudi “Ummon” guruhining sobiq solisti Zohid Risqiyevga nisbatan hukmni o‘qib eshittirdi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati xabar berdi.

Eslatib o‘tamiz, 2022-yilning sentabrida Zohid boshqaruvidagi BMW katta tezlikda harakatlanib, yo‘lni ajratib turuvchi beton to‘siqqa urilib, Megaplanet savdo majmuasi qarshisidagi ko‘p qavatli uy oldiga tushgandi. Buning oqibatida yo‘lovchilardan biri voqea joyida vafot etgan, Zohid va ikki yo‘lovchi shifoxonaga yotqizilgandi.

Sud Zohid Risqiyevga jazo turi va miqdorini belgilashda sodir etilgan jinoyatning ijtimoiy xavflilik darajasi, shu bilan birgalikda Jinoyat kodeksining 7, 8-moddalarida ko‘rsatib o‘tilgan odillik va insonparvarlik tamoyillari hamda Oliy sud Plenumining 2006-yil 3-fevraldagi “Sudlar tomonidan jinoyat uchun jazo tayinlash amaliyoti to‘g‘risida”gi qarori talablaridan kelib chiqdi, deyiladi xabarda.

Shuningdek, sudlanuvchiga jazo tayinlashda uning aybiga iqror bo‘lib, qilmishidan pushaymonligini, jabrlanuvchining qonuniy vakili va jabrlanuvchilarning da’vosi yo‘qligi, ularning sudlanuvchiga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlashni so‘rab bergan fikri, sudlanuvchining sog‘lig‘i og‘ir ahvolda ekanligi inobatga olindi.

Sud unga nisbatan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi sanksiyasida nazarda tutilgan muayyan huquqdan, ya’ni transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilgan holda ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlashni, shu bilan birgalikda tayinlanayotgan ozodlikdan mahrum qilish jazosini o‘tamasdan turib ham uni xulqini nazorat qilish orqali tuzatish mumkin degan fikrga keldi. Shunga ko‘ra, ayblanuvchiga nisbatan JKning 72-moddasini qo‘llab, tayinlanayotgan jazoni shartli deb hisoblab, sinov muddati belgilashni maqsadga muvofiq deb hisoblandi.

Shu tariqa JIB Yunusobod tuman sudining 2023-yil 9-avgustdagi hukmiga ko‘ra Zohid Risqiyev JKning 266-moddasi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybli deb topildi. Unga 3 yil transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilgan holda, 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Zohid Risqiyevga nisbatan JKning 72-moddasini (shartli hukm qilish) qo‘llab va tayinlangan jazoni shartli deb hisoblab, 2 yil sinov muddati belgilandi.

Bundan tashqari, jabrlanuvchining qonuniy vakili va jabrlanuvchilarga yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararni undirish masalasida fuqarolik tartibida sudga murojaat qilish huquqi mavjudligi tushuntirildi.

Birinchi instansiya sudining ushbu hukmidan norozi taraflar qonunda belgilangan tartib va muddatda Toshkent shahar sudining apellyatsiya instansiyasiga shikoyat berish va protest keltirishga haqliligi ma’lum qilinadi.