Farg‘onada ohak ishlab chiqarish sexida tabiiy gazdan noqonuniy foydalanilishi natijasida tizimga 1 mlrd so‘mlikdan ziyod zarar ketirilgani aniqlandi, deya xabar bermoqda Energetika vazirligi matbuot xizmati.

O‘tkazilgan nazorat tadbirlarida Dang‘ara tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro T.A. tomonidan tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holati o‘rganilgan. Fuqaro o‘ziga qarashli ohak ishlab chiqarish sexining 1 dona ohak xumdonida 18 ta nostandart gaz yondirgichlar orqali o‘sha hududdan o‘tuvchi yer osti gaz quvuriga ulanib, tabiiy gazdan noqonuniy foydalanib kelgan.

Buning oqibatida davlat manfaatlariga yetkazilgan umumiy zarar miqdori 1 mlrd 54 mln so‘mlikni tashkil qilgan. Qoidabuzar iste’molchiga nisbatan belgilangan tartibda chora ko‘rilib, tegishli hujjatlar huquqni muhofaza etuvchi organlarga taqdim qilingan.

Avvalroq Samarqandda ham ohak ishlab chiqaruvchi sex mansabdorlari 4,3 mlrd so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalangani xabar qilingandi. Energetika vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, birgina iyul oyida 28,2 mlrd so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlangan. Bunday holatlarning eng ko‘pi Andijon, Samarqand, Navoiy va Toshkent viloyatlariga to‘g‘ri kelgan.