11-avgust, juma kuni O‘zbekistonga Ural hududlaridan nisbatan salqin havo tarqala boshlaydi va harorat foni respublika bo‘yicha asta-sekin pasayadi. Bu haqda O‘zgidromet xabar berdi.

Kunduzi mamlakatning katta qismida havo harorati +33…+36 daraja atrofida bo‘ladi, hatto janubiy hududlarda ham +38…+40 darajadan yuqori bo‘lmaydi.

Dam olish kunlari haroratning asta-sekin pasayishi davom etadi. Yakshanba kuni kunduzgi harorat +30…+32 darajadan, janubda +35 darajadan oshmaydi.

Ushbu kunlarda hududning katta qismida quruq va kam bulutli ob-havo saqlanib turadi, faqat Toshkent viloyati va Farg‘ona vodiysi viloyatlarining tog‘oldi va tog‘li hududlarida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.

12−13-avgust kunlari ba’zi joylarda shamol tezligi chang-to‘zon bilan 13−18 m/s gacha kuchayishi kutilmoqda. Respublikaning ayrim hududlarida shamol tezligining kuchayishi ba’zida 20−22 m/s ga yetishi mumkin.

Keyingi haftaning o‘rtasida kunduzgi havo harorati +27…+30 darajagacha tushadi. Ayniqsa, kechasi va ertalab havoning salqinlashishi sezilarli bo‘ladi, bunda harorat +13…+16 darajagacha pasayadi.

Poytaxtda 11−13-avgust kunlari havo kam bulutli bo‘ladi. Bugun harorat kunduzi +34…+36 daraja, shanba kuni +32…+34 daraja, yakshanba kuni +30…+32 daraja bo‘ladi. Sharqiy yo‘nalishdagi shamol tezligi birozdan o‘rtachagacha esadi, kechalari 10−12 m/s gacha kuchayishi mumkin.