O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev juma kuni Buxoroda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda energiya resurslari ko‘p yo‘qotilayotgani, ularni tejash va kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish masalalariga to‘xtaldi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.

Davlat rahbari mamlakatda energiya iste’moli sohasida hali to‘liq nazorat ta’minlanmaganini ta’kidladi.

Yilning yetti oyi davomida 160 million kilovatt-soat elektr energiyasi va 290 million kub metr gazdan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlanib, tarmoq korxonalariga 355 milliard so‘mlik zarar yetkazilgan.

“Bosh prokuratura va Energiya inspeksiyasi tizimiga katta vakolat va resurslar berilgan, lekin ular yo‘qotishlarning oldini olish bilan emas, balki oqibati bilan kurashmoqda”, — deya prezident so‘zlarini keltirdi uning matbuot kotibi.

Shavkat Mirziyoyev tuman hokimlari, prokurorlari, ichki ishlar va departament rahbarlari qaysi tumanda energiyani o‘g‘rilash davom etsa, noreal qarzdorlik oshib ketsa, elektr va gaz rahbarlariga qo‘shilib javobgar bo‘lishi haqida ogohlantirildi.

“Yana bir bor ta’kidlayman. Bir-ikki oydan so‘ng kuz-qish mavsumi boshlanadi. Uni betalafot o‘tkazish, energetika tizimining barqaror ishlashini ta’minlash, aholi va iqtisodiyot tarmoqlariga energiya resurslarini kafolatli yetkazib berish bo‘yicha ishlarni hozirdanoq boshlash zarur”, — dedi prezident.

1-avgustga qadar elektr tarmoqlari va transformatorlarni ta’mirlashni yakunlash bo‘yicha topshiriq berilgan, biroq viloyatlarda 1100 km tarmoq va 402 ta transformatorni ta’mirlash hali yakuniga yetmagan, dedi u.

Energiyani tejash

шавкат мирзиёев, энyerгоresurslar

Prezident aprel oyida energiya ta’minotidagi defitsitni to‘liq qoplash maqsadida aprel oyida har bir tuman va shaharda o‘rganishlar olib borilganini ta’kidladi. Shu asosda 4,5 milliard kub metr gaz va 7,5 milliard kilovatt soat elektrni iqtisod qilish bo‘yicha tumanbay dasturlar qabul qilingan.

Biroq ko‘p hudud va tarmoqlarda hali aytarli natija bo‘lgani yo‘q, rahbarlari esa “so‘rov bo‘lmayapti” deb, bu vazifalarni o‘z holiga tashlab qo‘ygan, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Toshkent viloyati rejaga nisbatan 40 million kub metr, Toshkent shahri 19 million, Samarqand 13 million, Xorazm 3,5 million kub metr gazni ko‘p iste’mol qilgan.

Elektr bo‘yicha Andijon, Buxoro, Jizzax, Namangan, Samarqand, Sirdaryo, Toshkent viloyati, Farg‘ona va Toshkent shahrining birorta tumani tejash rejasini bajarmagan, — dedi davlat rahbari.

Qayta tiklanuvchi manbalar

Prezident yil boshida qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish bo‘yicha katta dastur qabul qilinganini bildirdi.

O‘tgan davrda 430 megavattli qayta tiklanuvchi energiya manbalari ishga tushirilgan. Shuning o‘zi yiliga 1,2 milliard kilovatt soat elektr energiyasini ishlab chiqarmoqda. Bu ijtimoiy soha obektlari yillik iste’molining 60 foiziga teng.

Ijtimoiy soha va tadbirkorlik obektlari hamda aholi xonadonlarida 250 megavatt quyosh panellari o‘rnatilgan.

Jizzax, Samarqand, Qashqadaryo, Sirdaryo va Farg‘onada ishlar to‘g‘ri tashkil qilinib, ijtimoiy soha obektlarida quyosh panellari o‘rnatish bo‘yicha yillik reja bajarildi, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shu bilan birga, ijtimoiy obektlar va davlat idoralarida quyosh panellari o‘rnatish O‘rta Chirchiqda atigi 5 foizni, Bo‘ka tumanida 10 foiz, Bo‘zatov va Piskentda 15 foiz, Nurota va Yangihayot (Toshkent) tumanlarida 20 foizni tashkil qildi, — dedi u.

Davlat rahbari yoqilg‘i-energetika kompleksi rahbarlari va viloyatlar hokimlariga qator topshiriqlar berdi.

Yilning ikkinchi yarmida 30 milliard kub metr gaz va 41 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarish, yer osti omborlaridagi gaz zaxiralarini kamida 3,5 milliard kub metrga yetkazish kerak, dedi u.

Yuqoridagi 1100 km elektr tarmoqlari va 402 ta transformatorni ta’mirlash ishlari 1-oktabrgacha yakunlanishi kerak, dedi prezident.

“Favqulodda rejim”

шавкат мирзиёев, энyerгоresurslar

Yil yakuniga qadar 400 ming tonna benzin ishlab chiqarish va 120 ming tonna import qilish zarurligi ta’kidlandi.

Hududlarga qo‘shimcha 35 ming dona gaz ballonlarini yetkazib berish, kuz-qish mavsumida aholi va ijtimoiy soha obektlarini 335 ming tonna suyultirilgan gaz bilan uzluksiz ta’minlash kerak.

“Bugundan boshlab mas’ul rahbarlar kuz-qish mavsumida energetika tizimining barqaror ishlashini ta’minlash uchun favqulodda rejimga o‘tadi”, — dedi Sherzod Asadov prezident so‘zlaridan iqtibos keltirgan holda.

Energetika kompleksi rahbariyati viloyat hokimlari va tarmoq rahbarlari bilan birgalikda yil yakuniga qadar 3,7 milliard kilovatt soat elektr va 2,4 milliard kub metr gazni iqtisod qilish choralarini ko‘rishi kerakligi bildirildi.

Shavkat Mirziyoyev, shuningdek, ijtimoiy soha obektlari, tadbirkorlik subektlari va davlat idoralariga yana 250 ming megavattlik quyosh panellarini o‘rnatish zarurligini ta’kidladi.