Xitoyning Alibaba korporatsiyasi Namangan viloyatida mintaqaviy markazini ochadi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

9-avgust kuni hokim Shavkatjon Abdurazzoqov Alibaba korporatsiyasi vitse-prezidenti Kris Chjou boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

“Namanganda malakali kadrlar, zamonaviy ko‘nikmalarga ega mutaxassislar mavjud. IT Park esa ushbu loyihani amalga oshirish uchun qulay joy hisoblanadi”, — dedi Abdurazzoqov.

Alibaba korporatsiyasi vitse-prezidenti Kris Chjou esa Namanganning tekstil, sanoat, axborot texnologiyalari, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportini yo‘lga qo‘yish uchun mintaqaviy markaz bo‘lishiga ishonch bildirdi.

Uchrashuv so‘ngida ikkala tomon mintaqaviy markaz faoliyati yo‘lga qo‘yiladigan IT Park Namangan filialidagi bino-inshootlar bilan tanishdi.

Eslatib o‘tamiz, sentabr oyida Alibaba.com platformasida O‘zbekiston milliy paviloni ishga tushirilgan. Spot`ning yozishicha, natijada O‘zbekiston Rossiya va Qozog‘istondan keyin elektron tijorat saytida milliy bo‘limga ega bo‘lgan uchinchi MDH davlati bo‘ldi. Ayni paytda pavilonda 50 dan ortiq mahalliy kompaniya 4800 dan ortiq tovarni taklif etmoqda. Ushbu bo‘limda ko‘rsatilgan mahsulotlar 190 dan ortiq mamlakatlarda namoyish etiladi.