O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi ikki blogerni qidiruvga berdi. Ularning ism-shariflari Ichki ishlar vazirligi saytining tegishli bo‘limida e’lon qilingan.
Birinchisi, Sanjar Xo’ja taxallusi bilan tanilgan Sanjar Ikromov (1988-yilda tug‘ilgan, YouTube`da 200 mingdan ortiq, Telegram`da 18,3 ming, Facebook`da 29 ming obunachisi bor). U siyosat, iqtisod va psixologiya mavzularida yozadi va gapiradi. Hozirda Turkiyada yashaydi.
Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “a” bandi (juda ko‘p miqdordagi firibgarlik / BHMning 400 baravaridan 600 baravarigacha miqdorda jarima yoki 8 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi) bo‘yicha ayblov e’lon qilingan.
Ikkinchi qidiruvdagi bloger — Sherali Komilov (1979-yil), Detektiv Uz YouTube-kanali muallifi (17,8 ming obunachi, Facebook`da — 8140). U asosan ijtimoiy mavzularni ko‘tarib chiqadi. Uning ko‘plab postlarida diniy bloger Abror Abduazimov (Abror Muxtor Aliy) tanqid qilinadi.
Telegramdan foydalanasizmi? Muhim yangiliklarni o‘tkazib yubormaslik uchun kanalimizga a’zo bo‘ling.
Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-modda 3-qismi “b” bandi (firibgarlik o‘ta xavfli retsidivist tomonidan sodir etilgan bo‘lsa, — BHMning 400 baravaridan 600 baravarigacha miqdorda jarima yoki 8 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi) hamda 140-moddasi 3-qismining “a” bandi (haqorat qilish jabrlanuvchini o‘z xizmat yoki fuqarolik burchini bajarishi munosabati bilan bog‘liq holda / BHMning 400 baravaridan 600 baravarigacha miqdorda jarima yoki 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 1 yilgacha ozodlikni cheklash bilan jazolanadi) bo‘yicha ayblov e’lon qilingan.