“O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati 2022-yilda eng ko‘p zarar ko‘rgan davlat ulushdorligidagi korxona bo‘lgani haqida yozgandik. Kompaniya bunga izoh berib, yil 4,34 trln so‘m zarar bilan yakunlagani xususidagi axborot to‘g‘ri ekanini va buning o‘ziga xos sabablari mavjudligini ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, aksiyadorlik jamiyatining moliyaviy faoliyati bo‘yicha asosiy daromadi elektr energiyasining yagona xaridi va sotishidan shakllanadi. Kompaniya zarar ko‘rishiga asosiy sabab elektr energiyasini qimmat xarid qilib, arzon sotgani hisoblanadi.

Tarmoq ichki tariflariga asosan (bu tariflar Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Idoralararo tarif komissiyasining 7-, 10- va 12-sonli bayonlari bilan tasdiqlangan) elektr energiyasini sotib olish (o‘rtacha 388,1 so‘m) va sotish (o‘rtacha 348,8 so‘m) narxlari orasidagi salbiy farq mavjud. Bu salbiy farq natijasida “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” har bir kVt soat energiyani 39,3 so‘m zarar evaziga hududiy elektr tarmoqlari korxonalariga yetkazib bergan.

Korxonaning joriy yil uchun tasdiqlangan Biznes rejasida kompaniya 2023-yildan ham zarar bilan chiqishi nazarda tutilgan.

“O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” 2023-yil birinchi choragida ishlab chiqaruvchi korxonalardan jami 18,6 mlrd kVt soat elektr energiyasini qo‘shilgan qiymat solig‘i bilan o‘rtacha 426,2 so‘mdan xarid qilib, hududiy elektr tarmoq korxonalariga 18,8 mlrd kVt soat hajmda o‘rtacha 405,4 so‘mdan sotgan, ya’ni har bir kVt soatdan 20,8 so‘mdan zarar ko‘rgan.

Eslatib o‘tamiz, kompaniya 2021-yildan ham zarar bilan chiqqandi.