O‘zbekistonning qator banklarida dollar kursi 400 so‘mdan ko‘proq qimmatladi va 12 ming so‘mdan oshdi. Markaziy bank holatni izoh berdi.

Unga ko‘ra, asosiy savdo-hamkor davlatlar milliy valyutalarining sezilarli qadrsizlanishi tashqi savdo va pul o‘tkazmalari kanali orqali so‘mning real samarali almashuv kursining mustahkamlanishiga olib kelgan.

Bu, o‘z navbatida, eksport va pul o‘tkazmalari tushumlari kanallari orqali mamlakatga valyuta tushumlariga va ichki valyuta bozoridagi taklif hajmiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan. Natijada, ichki valyuta bozorida so‘m almashuv kursi devalvatsiyasi sur’atining biroz tezlashishi — fundamental omillar ta’sirida to‘g‘rilanishi kuzatildi.

“Markaziy bank kelgusida almashuv kursining keskin qadrsizlanishini oldini olish bo‘yicha yetarli instrumentlarga ega bo‘lib, zarur hollarda qo‘shimcha intervensiyalar amalga oshirish orqali tebranishlar yumshatib boriladi”, — deyiladi regulyator bayonotida.

Qayd etilishicha, mazkur to‘g‘rilanish real samarali almashuv kursning uzoq muddatli trendiga qaytishiga olib keladi va muvozanatli kurs valyuta tushumlarini oshirish orqali bozorda taklif o‘sishiga xizmat qiladi.

“Real samarali almashuv kursi yil oxirigacha va o‘rta muddatli istiqbolda nisbatan barqaror bo‘ladi”, — deya qayd etgan Markaziy bank.