O‘zbekistonda zo‘ravonlikka qarshi kurashuvchi Nemolchi.uz loyihasi Toshkent shahrida yoshi katta erkak kichik yoshdagi qizni uning qarshiligiga qaramasdan o‘pib, uyatsiz-buzuq harakatlar sodir etgani haqida yozdi.

Havola qilingan videoda erkak ko‘chada qizcha bilan yonma-yon o‘tirgani, dastlab uning soch va bo‘yin qismidan silaganini ko‘rish mumkin. Ularning oldidan odamlar o‘tayotganda erkak harakatlarini to‘xtatib, so‘ng buni yana bir necha marta takrorlagan. Lavhada, shuningdek, erkak qizning qarshilik ko‘rsatganiga qaramay, uni o‘pgani aks etgan.

Toshkent shahri IIBB holat yuzasidan munosabat bildirdi. Aniqlanishicha, holat 8-avgust kuni taxminan soat 18:30 da sodir bo‘lgan. 63 yoshli M.I. Mirzo Ulug‘bek tumani Buyuk ipak yo‘li ko‘chasidagi ko‘p qavatli uylardan birining orqa tarafidagi yo‘l chetida o‘tirgan 8 yoshli Sh. U.ga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar sodir etgan.

IIBB holat bo‘yicha jabrlanuvchining ota-onasi tomonidan ariza tushmaganini bildirdi.

Holat yuzasidan Mirzo Ulug‘bek tumani IIO FMB tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 129-moddasi (16 yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Gumon qilinuvchi protsessual tartibda ushlangan. Tergov davom etmoqda, deyiladi xabarda.