Prezidentning tegishli qarori bilan Anvar Karimov Rasulevich qishloq xo‘jaligi vazirining o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi, deya xabar bermoqda vazirlik matbuot xizmati.

Anvar Karimov 1977-yil Sirdaryo viloyatida tug‘ilgan. 1998-yilda Guliston davlat universiteti hamda 2002-yilda Bank-moliya akademiyasini tamomlagan.

Ish faoliyatini 1999-yil Sirdaryo viloyati Guliston shahri moliya bo‘limida boshlagan. 2009−2014-yillarda Moliya vazirligida bo‘lim boshlig‘i va boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari sifatida faoliyat yuritgan. 2014−2017-yillarda Sirdaryo viloyati moliya boshqarmasi boshlig‘i va 2017-yilda Sirdaryo viloyati hokimligi moliya bosh boshqarmasi boshlig‘i bo‘lib ishlab kelgan.

2017−2019-yillarda Moliya vaziri o‘rinbosari, Iqtisodiyot va sanoat vaziri o‘rinbosari va Sirdaryo viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari lavozimlarini egallab kelgan. Shu payta qadar esa Iqtisodiyot va moliya vazirining o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgandi.

Avvalroq Qamashi tumani hokimi Botir Tog‘ayev vazirning birinchi o‘rinbosari, Alisher Shukurov esa vazir o‘rinbosari etib tayinlangandi. Vazir o‘rinbosari Xaydarov Axadbek Yahyobekovich esa iqtisodiyot va moliya vazirligiga o‘tgandi.

Ma’lumot uchun, 2022-yilning avgustida vazirlikka investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan Aziz Voitov rahbar bo‘lgan.