Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati (YHXX) ma’lumotlariga ko‘ra, 2022-yilda O‘zbekistonda 9902 ta yo‘l-transport hodisasi ro‘yxatga olingan. Ushbu hodisalarning aksariyati — 44,9 foizi — piyodalarni urib yuborish bilan bog‘liq. YTHlarda 2356 kishi halok bo‘lgan. YHXX ularning aynan qanchasi piyodalar ekaniga aniqlik kiritmagan.

Piyodalarni urib yuborgan haydovchilarga nisbatan qanday jazo choralari ko‘rilmoqda? “Gazeta.uz” 2023-yilgi 50 ta tasodifiy sud qarorlarini o‘rganib chiqdi.

Tadqiqot usuli

Oliy sud saytidan sudlarning Jinoyat kodeksi 266-moddasi 1- va 2-qismlari (“badanga o‘rtacha og‘ir yoki og‘ir shikast yetkazilishiga yoki odam o‘lishiga sabab bo‘lgan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish”) bo‘yicha chiqargan hukmlari yozilgan qarorlar tasodifiy tartibda tanlab olindi.

Oliy sud saytidagi qidiruv tizimi faqat piyodalarni urib yuborish bilan bog‘liq YTHlarni saralab olish imkonini bermaydi, shu bois ko‘rib chiqilgan bayonnomalardagi YTHlar turlicha edi. 50 ta jinoiy ishdan 34 tasi piyodalarni, ikkitasi esa velosipedchilarni urib yuborish bilan bog‘liq. Qolganlari — boshqa avtomobillar yoki to‘siqlar bilan to‘qnashuvlardir. Ayrim bayonnomalarda ayblanuvchi va jabrlanuvchilarning yoshi va ismi, shuningdek, avtomobil raqamlari kabi ma’lumotlar yashirib qo‘yilgan edi, shu bois biz YTH ishtirokchilarining, masalan, yosh tasnifini to‘liq keltira olmaymiz.

YTH ishtirokchilarining demografiyasi va olgan jarohatlari darajasi

Sodir etilgan 36 jinoiy harakat oqibatida 35 piyoda va 2 velosipedchi jabrlangan. 35 piyodaning 12 nafari erkak, 11 nafari ayol, 11 nafari bolalar va 1 nafari pensioner.

Jabrlanuvchilar og‘irligi turlicha — tirnalish va ko‘karishdan tortib hayot uchun xavfli darajagacha bo‘lgan jarohatlar olgan. 12 kishi og‘ir tan jarohati olgan, 18 kishi, jumladan, velosipedchilar esa o‘rtacha og‘irlikda jarohatlangan, 1 kishi esa yengil jarohatlangan.

Olgan tan jarohatlari oqibatida 5 piyoda kasalxonada, yana biri esa hodisa joyida halok bo‘lgan.

Piyoda yoki velosipedchilarni urib yuborgan 36 haydovchidan 33 nafari erkak, 3 nafari esa ayol bo‘lgan.

Hodisalarning tafsilotlari

To‘rtta holatda piyodalar tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joyidan o‘tayotganida urib yuborilgan. Yana 3 piyoda yo‘l yoqasi bo‘ylab ketayotganida jabrlangan. 27 piyodani, xususan, YTH oqibatida halok bo‘lgan 6 piyodaning barini ular yo‘lni belgilanmagan joydan kesib o‘tayotganida mashinalar urib ketgan. Yana bir piyodani haydovchi avtomobilni orqaga haydayotganida urib yuborgan.

Urib yuborilgan velosipedchilardan biri hodisa yuz bergan vaqtda yo‘l chetida harakatlanib ketayotgan bo‘lgan. Ikkinchi velosipedchining ishida sud uni yo‘lni belgilanmagan joydan kesib o‘tayotganida mashina urib yuborgan, deb topgan, ammo velosipedchining o‘zi hodisa yuz bergan vaqtda yo‘l chetida bo‘lganini ta’kidlagan.

Haydovchilar asosan Yo‘l harakati qoidalarining 11-moddasi “g” bandi (“transport vositasining haydovchisi harakatlanish jarayonida boshqa yo‘l harakati qatnashchilariga, ayniqsa, piyodalar, bolalar, nogironlar, qariyalarga va velsipedchilarga nisbatan ehtiyotkorlik choralarini ko‘rishga majburdir”) va 77-moddasi 3-qismi (“Haydovchi transport vositasini boshqarish paytida aniqlay olishi mumkin bo‘lgan xavf yuzaga kelsa, u transport vositasining tezligini to‘liq to‘xtashni ta’minlaydigan darajada kamaytirishi yoki to‘siqni boshqa harakat qatnashchilari uchun xavf tug‘dirmagan holda aylanib o‘tish choralarini ko‘rishi kerak”) talablarini buzgan.

Sud jarayonlarining yakunlari

36 ta jinoyat ishidan 23 tasi — ushbu YTHlarda 9 kishi og‘ir, 14 kishi esa o‘rta darajadagi tan jarohatlari olganiga qaramay — tomonlarning yarashuvi bilan tugagan. Yana bir ish esa sudlanuvchi sud jarayonlari boshlanguniga qadar vafot etgani munosabati bilan tugatilgan.

Faqat 12 ta holat jazo tayinlanishi bilan tugagan. Biror bir haydovchi ozodlikdan mahrum qilinmagan. Sud qarorida shunday jazo chorasi bo‘lgan taqdirda ham, yengillashtiruvchi holatlarni inobatga olish natijasida ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazo choralari ozodlikni cheklash yoki shartli jazolar bilan almashtirilgan.

Haydovchilarga qanday jazo choralari tayinlangan?

Olti haydovchi inson o‘limiga sabab bo‘lmagan piyodalarni urib yuborish holati uchun jazolangan. Qolgan olti haydovchiga esa inson o‘limiga sabab bo‘lgan holatlar uchun jazolar tayinlangan.

Inson o‘limiga sabab bo‘lmagan piyodalarni urib yuborish holatlari uchun barcha haydovchilarga 1 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan. Bu haydovchilardan uch nafari 1,5 yildan 2 yilgacha haydovchilik huquqidan mahrum qilingan. Yana bir sudlanuvchiga esa jabrlanuvchining salkam 41,2 mln so‘mlik davolanish xarajatlarini qoplab berish majburiyati yuklangan.

Olti haydovchidan birida haydovchilik guvohnomasi ham bo‘lmagan. Ushbu holatda jabrlangan piyoda o‘rta darajadagi tan jarohati olgan va ayblanuvchiga nisbatan hukm chiqarilishini qat’iy talab qilgan. Shu bois haydovchiga axloq tuzatish ishlari tarzidagi jazo tayinlangan.

Piyodalarning o‘limiga sabab bo‘lgan YTHlar uchun biror bir haydovchi ozodlikdan mahrum qilinmagan. Jinoyat kodeksining bunday qoidabuzarliklarda qo‘llaniladigan moddasi sudlanuvchini 7 yilgacha ozodlikdan mahrum etishni nazarda tutadi. Ammo ushbu modda bo‘yicha sudlanayotgan haydovchilarning barida yengillashtiruvchi holatlar bo‘lgan. Bular:

  • Aybni bo‘yniga olish va jinoyatni ochish uchun faol yordam berish;
  • Yetkazilgan zararni ixtiyoriy ravishda bartaraf qilish;
  • Sudlanuvchiga berilgan tavsifnoma, uning oilaviy ahvoli, bolalari bor-yo‘qligi, yoshi va hokazolar.

Piyodalar o‘limi bilan bog‘liq 6 ishning barida Oliy sud plenumining jinoyat uchun jazo tayinlash amaliyoti to‘g‘risidagi qarorining 1−3-moddalari yengillashtiruvchi holat sifatida qo‘llanilgan. Unda, jumladan, sudlar jazo tayinlashda qonuniylik, insonparvarlik, odillik va javobgarlikning muqarrarligi prinsiplariga qat’iy amal qilishlari lozimligi ta’kidlanadi.

Ayni vaqtda javobgarlikning muqarrarligi prinsipi har doim ham jazo qo‘llash shartligini anglatmaydi. Bu, masalan, sudlar ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan yoki uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatni birinchi marta sodir etgan shaxslarni javobgarlikdan yoki jazodan ozod qilish masalasini muhokama qilishi lozim, degani.

Jinoyatning ijtimoiy xavflilik xususiyati jinoyat kategoriyasiga bog‘liq va bu kategoriyalar Jinoyat kodeksining 15-moddasiga bayon qilingan, deyiladi Oliy sud plenumi qarorida. Haydovchilar piyodalarni ehtiyotsizlik oqibatida urib yuborgani bois, ular sodir etgan harakat uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyat, deya malakalangan. Shu sababli sudlar Jinoyat kodeksining 72-moddasini qo‘llab, sudlanuvchilarga shartli jazolar tayinlagan.

Shunday qilib, urib yuborgan piyodalari vafot etgan olti haydovchining bari 1 yildan 3 yilgacha haydovchilik huquqidan mahrum qilingan. Uch nafari ish haqining 20 foizi davlat daromadiga ushlab qolinishi sharti bilan 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolangan. Bir haydovchiga ozodlikni cheklash, yana biriga 1 yillik shartli, uchinchisiga esa 3 yillik axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan.

Tomonlarning yarashuvi

Jabrlanuvchilari bilan yarashuvga erishgan 23 sudlanuvchining bari jinoiy javobgarlikdan ozod qilingan. Bu Jinoyat kodeksining 66−1-moddasida (“yarashilganligi munosabati bilan jinoiy javobgarlikdan ozod qilish”) nazarda tutilgan.

Sudlanuvchilar Jinoyat kodeksining 55-moddasi (“jazoni yengillashtiruvchi holatlar”)ning “a” (aybni bo‘yniga olish to‘g‘risida arz qilish, chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lish yoki jinoyatni ochish uchun faol yordam berish") va “b” bandlari (“yetkazilgan zararni ixtiyoriy ravishda bartaraf qilish”) shartlarini bajargan.

Bundan tashqari, jabrlanuvchi tomonidan sudlanuvchiga nisbatan hech qanday da’voning yo‘qligi ham jazoni yengillashtiruvchi holat hisoblanadi. Boshqa yengillashtiruvchi holatlar orasida oila va farzandlarning borligi (36 sudlanuvchidan 19 nafari), sudlanuvchining 30 yoshdan kichik ekani (36 sudlanuvchidan 9 nafari) kabilar ham bor.

Tomonlarning yarashganligi munosabati bilan jinoiy javobgarlikdan ozod qilinish sudlanuvchidan barcha ayblovlarni olib tashlaydi, ya’ni sudlanuvchiga hech qanday jazo tayinlanmaydi.

Ammo sudlanuvchi aybiga iqror bo‘lib, qilgan ishidan pushaymon bo‘lsayu, jabrlanuvchining davolanish xarajatlari va boshqa ehtiyojlarini ixtiyoriy ravishda qoplab bermasa, unga Jinoyat kodeksining ayblov moddasida ko‘rsatilgan jazo qo‘llanishi mumkin. Agar jabrlanuvchining da’vosi bo‘lsa va suddan chora ko‘rishni talab qilsa, sudlanuvchining aybiga iqror bo‘lib, pushaymonlik bildirishi va xarajatlarni qoplashi ham uni jinoiy javobgarlikdan ozod qilmaydi.