Prezident farmoni bilan yaqinda O‘zbekiston iqtisodiyot va moliya vaziri lavozimiga tayinlangan Jamshid Qo‘chqorovga yangi o‘rinbosarlar tayinlandi. Bu haqda “Gazeta.uz” manbasi xabar qildi.

Xususan, Ilhom Ibroximovich Norqulov vazirning birinchi o‘rinbosari etib tayinlandi. U 2020-yilning martidan vazir o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgandi.

iqtisodiyot va moliya vazirligi, tayinlov, vazir o‘rinbosarlari
Foto: “Gazeta.uz”

Ilhom Norqulov (1981-yilda tug‘ilgan) Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti (bakalavr) va Glazgo universitetini (Buyuk Britaniya, magistr) tamomlagan.

Iqtisodiyot vazirligi tizimida va iqtisodiyotning ishlab chiqarish sohasida ishlagan. U Markaziy bankda o‘z faoliyatini 2010-yilda bosh iqtisodchi lavozimidan boshlagan. 2013-yildan 2018-yilgacha u Markaziy bankning pul-kredit siyosati bo‘limini boshqargan, 2018-yildan 2019-yilgacha Markaziy bank rahbarining o‘rinbosari lavozimida ishlagan.

Ahadbek Yahyobekovich Haydarov vazir o‘rinbosari etib tayinlandi. U bungacha qishloq xo‘jaligi vazirining o‘rinbosari lavozimida ishlagan.

iqtisodiyot va moliya vazirligi, tayinlov, vazir o‘rinbosarlari
Foto: Kun.uz

Ahadbek Haydarov 1971-yilda Farg‘ona viloyatida tug‘ilgan. 1994-yil Toshkent Davlat universiteti, 1998-yili Toshkent Davlat iqtisodiyot universiteti, 2001-yili Yaponiya siyosiy fanlar Milliy instituti magistratura bosqichi, 2006-yil AQShning Massachusets shtatida Villiams Kollejini tamomlagan.

U Markaziy bank, O‘zmilliybank, “Mikrokreditbank”, Moliya vazirligida turli lavozimlarda faoliyat yuritgan, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori lavozimida ishlagan.

Abdulaziz Abdulahadovich Haydarov iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari etib tayinlandi. U bunga qadar Pensiya jamg‘armasi direktori bo‘lgan.

iqtisodiyot va moliya vazirligi, tayinlov, vazir o‘rinbosarlari
Foto: Moliya vazirligining matbot xizmati

Jamg‘arma direktorligidan oldin u Moliya vazirligining davlat organlari, prokuratura va sud tizimi faoliyatini moliyaviy ta’minlash boshqarma boshlig‘i bo‘lib ishlagan.

Otabek Rustamovich Fozilkarimov iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari bo‘ldi. U bunga qadar sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari lavozimida ishlagan.

iqtisodiyot va moliya vazirligi, tayinlov, vazir o‘rinbosarlari
Foto: Moliya vazirligi

Otabek Fozilkarimov 1986-yilda Farg‘ona viloyatida tug‘ilgan. 2007-yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan.

Mehnat faoliyatini 2007-yilda Moliya vazirligida boshlagan. 1-toifali iqtisodchidan Moliya vazirligi departamenti direktorigacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tgan.

Bobur Botirovich Xodjayev ham iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari etib tayinlandi. U bunga qadar Prezident administratsiyasida sho‘'ba mudiri lavozimida faoliyat yuritgan. Shuningdek, Jasur Hazratqulovich Qarshiboyev ham vazir o‘rinbosari etib tayinlandi.

Murod Bekberganovich Atadjanov esa Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi G‘aznachilik xizmati qo‘mitasi raisi etib tayinlandi.

Bundan tashqari, iqtisodiyot va moliya vazirining o‘rinbosarlari Erkin Erkamovich Rustamov hamda Dilshod Shuhratovich Sultanov boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan, lavozimidan ozod etildi.

Adiz Muzafarovich Boboyev va Gulnora Xoshimovna Rahimova iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari lavozimlarini saqlab qoldi, buni “Gazeta.uz” vazirlik matbuot xizmatidagi manbalaridan aniqladi.