Joriy inqirozning kelib chiqishi sabablari va Gaiti nima uchun o‘zining 200 yildan oshgan mustaqil davlat sifatidagi tarixida hech bir vaqt siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy barqarorlikka erisha olmagani to‘g‘risida Meduza hikoya qildi, “Gazeta.uz” uni o‘zbek tilida taqdim etadi.

Butunjahon oziq-ovqat dasturi ma’lumotlariga ko‘ra, yaqin kelajakda Gaitining 4,7 mln aholisiga kuchli ocharchilik tahdid solishi kutilyapti, 1,8 mln kishi esa allaqachon to‘yib ovqatlanmaslikdan aziyat chekmoqda. 2022-yil oktabr oyida gumanitar tashkilot Gaitidagi ocharchilik darajasi beshinchi — aksariyat hollarda urush davridagi gumanitar falokatlarni tavsiflashda ishlatiladigan eng yuqori darajaga ko‘tarilganini qayd etdi.

Mamlakatni qamrab olgan to‘dalararo urushlar natijasida odatiy oziq-ovqat zanjirlari uzilgan. Aksariyat shifoxonalar o‘z faoliyatini to‘xtatgan, ayrim hududlarda esa aholi hatto muntazam ichimlik suvdan foydalanish imkoniyatidan ham mahrum. Gaitining AQShdagi elchisi Bochchit Edmondning ta’kidlashicha, davlat qulash arafasida, siyosatchilar va ekspertlar esa haligacha inqirozdan chiqish strategiyasini shakllantirishning uddasidan chiqa olgani yo‘q.

“Bu Gaiti uchun misli ko‘rilmagan vaziyat, — deydi tarixchi va Londonning Britaniyadagi qulchilik davri merosini tadqiq etish markazi rahbari Metyu Smit. — Mamlakatning butun boshli tarixini kam sonli tinchlik davrlari va umid bilan kechgan ketma-ket inqirozlar sifatida talqin qilish mumkin. Biroq hozirgisi singari holat u yerda sira sodir bo‘lmagan”.

Gaiti mustaqilligiga 200 yildan oshdi. Namoyishlar va davlat to‘ntarishlari mamlakat uchun odatiy holga aylanib qolgan

Mustaqil Gaitining tarixi 1804-yilda, mahalliy qora tanli aholi fransuz hukmronligiga qarshi muvaffaqiyatli qo‘zg‘olon ko‘targan paytdan boshlanadi. Gaiti Yangi Dunyoda mustaqillikka erishgan AQShdan keyingi ikkinchi davlat bo‘ldi (Fransiya o‘z mustamlakasini yo‘qotganini 1825-yilga kelibgina rasman tan olgan).

Oradan ikki yil o‘tar-o‘tmas, yosh davlatda dastlabki davlat to‘ntarishi yuz beradi: davlat asoschisi, o‘zini Gaiti imperatori deb e’lon qilgan sobiq qul Jan-Jak Dessalin harbiy qo‘zg‘olon vaqtida o‘ldiriladi. 1807-yilda fitnachilardan biri Aleksandr Petion yangi davlat rahbari — prezidentga aylanadi. To‘qqiz yil o‘tgach esa u umrbod hukmronlik vakolatlarni o‘ziga o‘zi taqdim etadi.

Butun XIX asr davomida Gaitidagi hokimiyat bir diktator qo‘lidan boshqasiga o‘tdi, shu bilan birga mamlakat rasman goh respublika, goh imperiya, goh qirollik, goh yana respublika bo‘ldi. Yosh davlat o‘z mustaqilligining tan olinishi evaziga Fransiyaga katta miqdorda tovon to‘lagani sababli ham uzoq vaqt davomida mamlakatda iqtisodiy barqarorlikka erishish imkoni bo‘lmadi. Rasmiylar davlat daromadlarining 40 foizgacha bo‘lgan qismini tashqi qarzlarni so‘ndirish uchun sarflashga majbur edi.

1867-yili davlat konstitutsiyasi qabul qilingach, vaziyat biroz yaxshilandi. Unda hokimiyatning tinch yo‘l bilan almashishi tamoyillari mustahkamlab qo‘yilgan edi, bu esa o‘z navbatida mamlakatning iqtisodiy o‘sishiga zamin yaratdi. Biroq XX asr boshlarida siyosiy beqarorlik qaytdi: 1911-yildan 1915-yilgacha Gaitida yettita prezident almashdi — ularning ayrimlari siyosiy raqiblari tomonidan o‘ldirildi, boshqalari mamlakatni tark etishga majbur bo‘ldi.

1915-yilda uzoq vaqtdan beri Karib dengizi mintaqasida o‘z ta’sirini kuchaytirishga intilib kelayotgan AQSh Gaitini bosib oldi. Davlat o‘z mustaqilligini rasman saqlab qolganiga qaramay, amalda 1934-yilgacha Amerika nazorati ostida bo‘ldi. AQSh qo‘shinlari mamlakatni tark etganidan atigi uch yil o‘tgach esa ispan tilida so‘zlashuvchi qo‘shni Dominikan Respublikasi diktatori Rafael Truxilo fransuzzabon gaitiliklarga qarshi etnik tozalov uyushtirdi. 20 mingga yaqin tinch aholining o‘limiga sabab bo‘lgan ushbu qirg‘in “petrushka” deb nomlangan (potensial qurbonning etnik kelib chiqishini aniqlash maqsadida askarlar odamlarni “perejil— ispancha “petrushka” so‘zini talaffuz qilishga majbur qilgan). Agar suhbatdosh so‘zdagi “r” tovushini “l” deb talaffuz qilsa, Dominikan harbiylari uni frankofon deb bilgan va otib o‘ldirgan yoki machete (Markaziy Amerika va Karib mintaqasida foydalaniladigan chopqiga o‘xshash sovuq qurol — tahr.) bilan chopib tashlagan.

1957-yilda davlat rahbari lavozimini diktator — o‘zi tomonidan o‘ylab topilgan Papa Dok taxallusi ostida shuhrat qozongan — Fransua Dyuvale egalladi (u yoshligida tibbiy amaliyot bilan shug‘ullangan edi, tibbiy ma’lumotga ega edi). Fransua va uning o‘g‘li Jan-Klod mamlakatni qariyb 30 yil boshqardi: bu vaqt davomida ular o‘z siyosiy raqiblariga qarshi bir qator qatag‘onlarni amalga oshirdi.

Dyuvale tomonidan rejimning tayanchi sifatida yaratilgan qurolli guruhlar — tonton-makutlar — aholini qo‘rquvga soldi, ko‘plab gaitiliklar chet elga qochib chiqishga majbur bo‘ldi. Dyuvale va uning o‘g‘li diktaturasi davridagi qatag‘on qurbonlarining umumiy soni, turli manbalarga ko‘ra, 30 mingdan 60 minggachani tashkil etgan.

1986-yildagi qo‘zg‘olondan so‘ng kichik Dyuvale Fransiyaga qochib ketdi, Gaiti hukumati esa yana ketma-ket o‘zgara boshladi. Avvalgidek, rahbarlarning deyarli hech biri aholi to‘g‘risida qayg‘urmadi — ular hokimiyatni o‘z qo‘lida ushlab turish va raqobatchilarni yo‘q qilish haqida ko‘proq bosh qotirdi. Zo‘ravonlik va korrupsiyaning madaniyat darajasida ildiz otishi tanazzulni yanada kuchaytirdi, amalda ishlamayotgan davlat institutlari esa hatto eng past darajadagi tartibni saqlashga ham yaroqsiz bo‘lib qoldi.

“Intervensiyalar zanjir reaksiyasiga sabab bo‘ldi va zamonaviy Gaitini shakllantirdi, — deydi tarixchi Metyu Smit The Guardian gazetasiga bergan intervyusida. — Dyuvale diktaturasi hokimiyat xalq farovonligi yo‘lida harakat qiladigan, amalda ishlaydigan davlatga bo‘lgan umidlarni yo‘qqa chiqardi”.

Hozirgi inqirozning boshlanishiga 2010-yildagi eng kuchli zilzila turtki bo‘ldi. Korrupsiya tufayli hokimiyat uning oqibatlarini hali ham bartaraf eta olgani yo‘q

2010-yili Gaiti zamonaviy tarixdagi eng dahshatli tabiiy ofatlardan biriga to‘qnash keldi. Kuchli zilzila poytaxt Port-o-Prens va uning atrofini deyarli to‘liq vayron qildi. Turli hisob-kitoblarga ko‘ra, 100 mingdan 311 ming nafargacha aholi halok bo‘ldi. Zilzila natijasida ko‘rilgan zarar 7,8−8,5 mlrd dollarni tashkil etdi — bu dunyodagi eng qashshoq va beqaror davlatlardan biri uchun juda katta mablag‘ edi. Butun mamlakat bo‘ylab yoyilgan korrupsiya sabab, hatto boshqa davlatlar tomonidan ko‘rsatilgan insonparvarlik yordamiga qaramay, zilzila oqibatlarini bartaraf etishning, shu jumladan, ochlik va antisanitar sharoitlarga qarshi kurashishning imkoni bo‘lmadi.

2011-yilgi prezidentlik saylovlarida Dyuvale davrini ochiqchasiga qo‘msab yashaydigan o‘ngchi-konservativ Mishel Marteyi g‘alaba qozondi. U mamlakatdagi vaziyatni normallashtira olmadi va besh yil o‘tgach, aholining korrupsiya va qashshoqlikdan noroziligi tufayli keti uzilmagan mitinglar fonida iste’foga chiqishga majbur bo‘ldi.

Uning vorisi Jovenel Moiz yo‘llar, suv ta’minoti tizimlari va mamlakatning energiya ta’minotini qayta tiklash bo‘yicha ulkan loyihalarni amalga oshirishga va’da berdi — biroq budjet mablag‘larini o‘g‘irlash bilan bog‘liq mojarolar sira to‘xtamadi. Aholining siyosiy tuzilmalarga bo‘lgan ishonchi eng past darajaga tushib ketdi: 2016-yilgi parlament saylovlarida saylovchilarning 20 foizdan sal ko‘prog‘i ishtirok etdi. AQShdagi gaitilik muhojirlar davlat rahbarining partiyasi — “Tet Kale”ni ochiqdan-ochiq “o‘g‘rilar” deb atadi.

2018-yilda mamlakatda Moizning iste’fosini talab qilib ommaviy norozilik namoyishlari boshlandi, biroq prezident lavozimidan ketish o‘rniga, navbatdagi parlament saylovlarini noma’lum muddatga qoldirdi. Moiz, shuningdek, unga deyarli cheksiz vakolatlarni taqdim etishi mumkin bo‘lgan konstitutsiyaviy islohotlarni o‘tkazishga urindi, biroq koronavirus pandemiyasi tufayli zarur referendumni o‘tkazishning imkoni bo‘lmadi. 2020-yil yanvarida parlament vakolatlari tugadi, shunda ham yangi saylovlar o‘tkazilmadi va Moiz mamlakatni prezident farmonlari yordamida boshqara boshladi.

Mamlakatdagi so‘nggi tartibsizliklar prezidentning o‘ldirilishi ortidan yuzaga keldi. Uning vorisi mamlakat tashqarisidan tayinlandi va ko‘pchilik uni noqonuniy deb hisoblaydi

53 yoshli Moiz 2021-yilning 7-iyulida o‘z qarorgohiga bir guruh noma’lum shaxslarning hujumi natijasida halok bo‘ldi. Prezident vafotidan keyin boshqa siyosatchilar hokimiyat uchun kurashga kirishdi. Bosh vazir Klod Jozef o‘zini prezident vazifasini bajaruvchi deb e’lon qildi va mamlakatda harbiy holat joriy etdi, Senat esa davlat rahbari etib Senat raisi Jozef Lambertni tayinladi.

Biroq, bir necha kundan so‘ng, Moiz o‘limi oldidan hukumat boshlig‘i etib tayinlashni rejalashtirgan “Vatanparvarlik birligi” partiyasi rahbari Ariel Anrini qo‘llab-quvvatlagan BMT, AQSh va boshqa mamlakatlar bosimi ostida Jozef ham, Lambert ham prezidentlik ambitsiyalaridan voz kechishga majbur bo‘ldi. 20-iyulda Anri muvaqqat prezident etib tayinlandi — shu bilan bir vaqtda, Gaiti bosh vaziri lavozimini ham egalladi.

Yangi davlat rahbari o‘z chiqishlarida mamlakat xalqini hamkorlik va muloqotga chaqirdi, biroq uning tayinlanishi ham hukmron doiralar, ham oddiy fuqarolar o‘rtasidagi kelishmovchiliklarni yanada kuchaytirdi. Gaitiliklarning aksariyati Anrini prezident sifatida tan olmadi, chunki u hokimiyatga saylovlar natijasida emas, balki chet elliklar aralashuvi ostida kelgandi. Ayrimlar esa hatto Anrini Moizning o‘ldirilishida ishtirok etganini ham taxmin qildi.

Lotin Amerikasi va Karib havzasidagi inqirozli vaziyatlarni tadqiq etish guruhlari rahbarlaridan biri Renata Seguraning izoh berishicha, butun boshli hokimiyat amalda legitimligi aholining katta qismi tomonidan tan olinmagan shaxsning qo‘lida to‘planib qolgan. “Biz yaqin-yaqingacha hokimiyat almashinuvi algoritmi sifatida tayanib kelgan konstitutsiya bor-yo‘g‘i bir matnga aylanib qolgan, chunki unda ko‘rsatilgan institutlarning hech biri hozirda normal ishlayotgani yo‘q”, — deya ta’kidlaydi u.

Moiz o‘ldirilganidan bir oy o‘tib, 2021-yil sentabr oyida Gaitida navbatdagi kuchli zilzila sodir bo‘ldi: 2,2 ming kishi halok bo‘ldi, 12 mingdan ortiq kishi jarohatlandi. Anrining legitimligiga nisbatan shubhalar fonida hukumatning jabrlanganlarga insonparvarlik yordami ko‘rsatishga qodir emasligi jamiyatda keskinlikni yanada kuchaytirdi hamda fuqarolar va politsiya o‘rtasida to‘qnashuvlarni keltirib chiqardi. Rasmiylar vaziyat ustidan nazoratni tezda yo‘qota boshladi.

“Moizning o‘limi, shak-shubhasiz, hokimiyatda bo‘shliq qoldirdi, — deydi jurnalist, 2010-yilgi zilzila to‘g‘risidagi reportaj muallifi Jonatan Kats. — Ko‘chalarda bu bo‘shliqni jangari to‘dalar to‘ldirdi”.

Jinoyat avj olgani sabab aholi uyidan chiqishga qo‘rqadi. Davlat rahbari xalqaro hamjamiyat aralashuvini (behuda) so‘ramoqda

Jangari to‘dalar tezda Port-o-Prensning butun boshli tumanlarida o‘z nazoratlarini o‘rnata boshladi, mamlakatda odam o‘g‘irlab, pul talab qilish, qotilliklar va ommaviy zo‘ravonliklar odatiy holga aylandi. 2023-yilning birinchi choragida Gaitida 1,6 mingdan ortiq qotillik, odam o‘g‘irlash va zo‘rlash holatlari qayd etildi. To‘dalar harakatini na politsiya, na bor-yo‘g‘i 500 kishidan iborat armiya to‘xtata oldi.

“Hozir vaziyat shundayki, har tomonda o‘q uchib kelishi mumkin. Hatto kim o‘q uzganini ham bilmaysiz, — deydi Port-o-Prens chekkalaridan birida yashovchi aholi vakili. — Har safar ko‘chaga chiqqanda juda ehtiyot bo‘lishga to‘g‘ri keladi”.

2022-yilning kuzida prezident Anri boshqa davlatlar hukumatlarini tartibni tiklash uchun mamlakatga “maxsus bo‘linmalar” olib kirishga chaqirdi, biroq na BMT, na AQSh hukumati Gaitining “ichki ishlariga” aralashish istagini bildirdi.

Tanqidchilar Anrini hech bo‘lmaganda xalqning davlatga bo‘lgan ishonchini tiklash uchun o‘tish davri hukumatini tuzish va hokimiyatni topshirishga chaqirdi, biroq u buni rad etdi. Prezident 2023-yilda saylov tashkil etish va 2024-yil fevralida ish boshlaydigan yangi Vazirlar Mahkamasini tayinlashga va’da berdi.

2023-yil yanvarida Anri Oliy sud qayta tiklanishi va umumiy ovoz berish uchun mas’ul bo‘lgan muvaqqat saylov kengashi tayinlanishini e’lon qildi, biroq buning aniq muddatlari hozirgacha ham aytilmagan. Taxminan bir vaqtning o‘zida saylovda saylangan so‘nggi 10 senatorning vakolatlari ham tugadi, shundan so‘ng mamlakatda o‘z lavozimini ovoz berish natijalariga ko‘ra egallashi mumkin bo‘lgan milliy darajadagi birorta ham siyosatchi qolmadi.

2022-yilning kuzida Gaiti hukumati boshqa davlatlar va xalqaro tashkilotlarni intervensiya uyushtirishga chaqirdi, biroq ularning iltimosi javobsiz qoldi. AQSh hozircha faqatgina eng ko‘p korrupsiyaga yo‘l qo‘ygan Gaiti siyosatchilariga qarshi sanksiyalar kirtitgan. Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, xalqaro missiyani boshqarishga tayyor bo‘lgan Kanada kichik moliyaviy va harbiy-texnik yordam bilan cheklanmoqda.

2023-yil mart oyida Jo Bayden aralashuv masalasi kun tartibidan olib tashlanmaganini, biroq faol ko‘rib chiqilmayotganini ham ma’lum qildi va Gaiti huquq-tartibot kuchlarining o‘zi tartibni tiklashlari uchun ularga yordam ko‘rsatishga e’tibor qaratishga undadi. Shu bilan birga, BMT davlatlarni Gaitidagi avj olib borayotgan zo‘ravonlikni to‘xtatish uchun “ixtisoslashtirilgan qo‘llab-quvvatlash kuchlarini” joylashtirishga chaqirdi.

Ayni paytda, ba’zi hisob-kitoblarga ko‘ra, qurolli to‘dalar allaqachon Port-o-Prens hududining 90 foizini o‘z nazorati ostiga olgan. Mahalliy huquqshunos Samuel Madistin zamonaviy Gaitining siyosiy tuzilishini shunday tavsiflaydi: “Bu mamlakatni demokratik deb atash qiyin. Amaliy nuqtai nazardan, davlat endi mavjud emas”.